Toyloq tumanida ko‘pkari musobaqasi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi
2026-03-28 16:30:00 / Yangiliklar

Ushbu mardlar o‘yini yurtimizning turli hududlaridan kelgan chavandoz polvonlarni bir maydonga jamladi.
Tadbirni tuman hokimi Behzod Raxmatullayev ochib berib, yig‘ilganlarni Navro‘zi olam — bahorning yangilanish va ezgulik ayyomi bilan samimiy qutladi. Shuningdek, u musobaqada ishtirok etayotgan chavandoz polvonlarga omad tilab, milliy sportimiz bo‘lgan ko‘pkari xalqimizning mardlik, jasorat va birdamlik timsoli ekanini ta’kidladi.
Musobaqada respublikamizning barcha viloyatlaridan, shuningdek viloyatimizning barcha tumanlaridan tajribali chavandozlar ishtirok etib, o‘z mahorati, jasorati va chaqqonligini namoyish etdilar. Tomoshabinlar ham milliy an’analarimizni aks ettiruvchi ushbu sport bayramini katta qiziqish bilan kuzatishdi.
Shuningdek, tadbirga Afrika va Fransiya davlatlaridan kelgan sayyohlar ham tashrif buyurib, milliy sportimiz bo‘lgan ko‘pkari musobaqasini katta qiziqish va hayrat bilan tomosha qildilar.
Tadbir davomida xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tibbiyot xodimlari va tegishli xizmatlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilib, mutaxassislar shay holatda xizmat olib bordi. Musobaqa jarayonida favqulodda holatlar yoki tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmadi.
Ko‘pkari musobaqasi milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, yosh avlodni mardlik, jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Toyloq tumanida o‘tkazilgan ushbu musobaqa ham ana shunday an’analarni davom ettirgan holda, tomoshabinlar va ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi.









