Navbahor tumanga namuna bo‘ladigan mahallaga aylantiriladi
2026-03-27 18:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda tuman hokimi Behzod Raxmatullayev, mahalla faollari hamda hudud aholisi ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Navbahor mahallasi hokim yordamchisi Nasrullo Misirov tomonidan 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar hamda dasturilamal rejalar taqdim etildi. Unda mahallada aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromad manbalarini ko‘paytirish, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish orqali Navbahor mahallasini iqtisodiy jihatdan rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Navbahor mahallasini har tomonlama rivojlantirib, uni tuman uchun namuna bo‘ladigan mahallaga aylantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Mahalla ahlining faolligi va hamjihatligi ushbu maqsadga erishishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.






