“Yoshlar daftari” tizimi — yoshlar manfaatlarini himoya qilishning muhim huquqiy mexanizmi
2026-03-19 10:50:00 / Yoshlar siyosati

"Yoshlar daftari” tizimi — yoshlar manfaatlarini himoya qilishning muhim huquqiy mexanizmi
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-son qaroriga muvofiq “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qaror bilan “Yoshlar daftari” tizimi huquqiy jihatdan mustahkamlanib, uni amalga oshirishning aniq tartib-taomillari belgilab berildi. Xususan, yoshlarni “Yoshlar daftari”ga kiritish, ularning muammolarini o‘rganish, manzilli ijtimoiy yordam ajratish hamda ro‘yxatdan chiqarish jarayonlari yagona tartib asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Qarorga muvofiq, tuman va shaharlar darajasida “Yoshlar daftari” jamg‘armalari tashkil etildi. Ushbu jamg‘armalar yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, ta’lim olish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan moliyaviy resurslar manbai hisoblanadi. Jamg‘armalar mablag‘lari mahalliy byudjetlar, homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilishi qonun hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, qarorda mas’ul davlat organlari va mansabdor shaxslarning vazifalari ham aniq belgilab berilgan. Jumladan, jamg‘armalar mablag‘larini o‘z vaqtida shakllantirish va samarali foydalanish yuzasidan mahalliy hokimliklar mas’ulligi kuchaytirildi. Bu esa qonun ijrosini ta’minlashda shaxsiy javobgarlikni oshirishga xizmat qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, “Yoshlar daftari” tizimi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida yuritilib, barcha jarayonlar elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu esa ochiqlik, shaffoflik va adolatlilik tamoyillarini ta’minlab, inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qarorning yana bir muhim jihati — yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan normalar joriy etilganidir. Xususan, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida intellektual olimpiadalarni tashkil etish va ularni davlat darajasida qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilab berildi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror “Yoshlar daftari” tizimi orqali yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Toyloq tuman hokimligi bosh yuristkonsulti M. O'ktamov
