O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgust kungi 140-sonli Farmonning mazmuni va mohiyati haqida
2025-10-10 10:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgust kungi
140-sonli Farmonning mazmuni va mohiyati haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi "Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 140-sonli Farmoni qabul qilindi.
Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, sudlarning moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, shuningdek, "Raqamli O‘zbekiston - 2030" strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash uchun quyidagi maqsadlar ilgari surildi.
Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi;
a) sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida "Raqamli sud" konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
b) fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan ko‘chirma olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish;
v) sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, bu boradagi normativ-huquqiy bazani jadallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
g) Oliy sudning axborot tizimlari asosida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
d) sud faoliyatida raqamlashtirish bo‘yicha "Kiber huquq" yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli bilim va malakasini muntazam ravishda oshirib borish;
j) iqtisodiy sudlar tizimini optimallashtirish orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish va yagona sud tajribasini aks ettirish;
z) "Raqamli sud" konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlislari zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish etib belgilandi.
Bundan tashqari, sudlar faoliyatiga "Raqamli sud" konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha Oliy sud, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining sudlar faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan "Raqamli sud" konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini ko‘rishni soddalashtirish maqsadida "Raqamli sud" konsepsiyasini amalga oshirish doirasida, sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi shuningdek, sarflanadigan xarajatlar aks ettiriladi, murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga kelmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud muhokamalarida ishga oid barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi, sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro xatlari avtomatik tarzda ijroga yuboriladi, sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron shaklda yuritiladi, sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi, sud hujjatlari loyihalari avtomatik aks ettiriladi.
Nukus tumanlararo ma’muriy sudi raisi R.Jumaboyev
