Inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qonun
2025-07-19 14:25:00 / Yangiliklar

Inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qonun
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlarini ta’minlash, inson huquqlarini qadrlash va inson huquqlarini ta’minlash bosh maqsad qilib qo‘yilgan.
Shu bois, inson huquqlarini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 9 iyun kuni qabul qilingan 1067-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi "Sudlar to‘g‘risida"gi Qonuniga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan yashash joyidagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda yoxud qonunga muvofiq boshqa tilda olib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan, shuningdek ularning qarindoshlari sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar munosabati bilan huquqlari cheklanishidan, hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklari buzilishidan sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Yuridik shaxslar ham sud himoyasida bo‘lish huquqiga ega hisoblanadi.
Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga sifatli yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchiga sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida himoya huquqi va o‘zini o‘zi himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Bundan tashqari qonunda nazarda tutilgan hollarda sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlangan.
Davlat hisobidan yuridik yordam bilan ta’minlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi "Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida"gi 2023 yil 16 iyun kungi 848-sonli Qonunida belgilangan.
Jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi.
Aybdorlik bo‘yicha barcha gumonlar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari bo‘lmasa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal etiladi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining o‘z aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Ushbu konstitutsiyaviy normaning qonunlarga kiritilishi sudda inson huquqlarining ta’minlanishi, himoya qilinishida g‘oyat muhim bo‘lib, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.
R.Xudayberganova
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi
