"O‘zbekiston - 2030" strategiyasi
2025-06-03 17:05:00 / Yangiliklar

"O‘zbekiston - 2030" strategiyasi
Yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2023 yilning 11 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.
Shu kuni Prezidentimizning yana bir muhim hujjati, "O‘zbekiston - 2030" strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Qarori qabul qilindi.
Qarorda "O‘zbekiston - 2030" strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan maqsadlarni 2023 yilda amalga oshirish va 2024 yil uchun tayyorgarlik ko‘rish masalalari o‘rin olgan.
Bunda beshta yo‘nalish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, tarmoqlar kesimida 320 ta maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan va 105 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishi belgilangan.
"O‘zbekiston - 2030" strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash bilan birga, sud-huquq sohasida ham qator maqsadlar belgilandi.
Xususan, yagona elektron reyestr yaratish orqali jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan to ish bo‘yicha hukm chiqariladigan bo‘lguncha bo‘lgan jarayonlarni individual raqam va QR kod orqali kuzatib borish imkoniyati joriy etiladi, dalillarni to‘plash va mustahkamlash ishlari zamonaviy texnologiyalar va so‘nggi ilmiy yutuqlarni joriy etish orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shuningdek, 100 foiz jinoyat ishlari va materiallarning elektron shakldagi nusxasini yuritish hamda ushbu ishlar bo‘yicha elektron hujjat almashinuvini ta’minlash belgilangan.
Prezidentimizning "O‘zbekiston - 2030" strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida jinoyat ishlari bo‘yicha sudgacha ish yuritish davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasini alohida sudyalar tomonidan ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida Prezident Farmoni (tergov sudyalari instituti joriy etiladi), ushbu jarayonlarda shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmlarni takomillashtirishga oid, axborotlashtirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihalarini tayyorlash ko‘rsatilgan.
Strategiyada ko‘rsatilgan har bir maqsad va ko‘rsatkichlar fuqarolarning konstitutsiya va qonunlarda aks etgan huquq va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Nukus tumanlararo ma’muriy sudya yordamchisi M.Baubekova
