Xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashining yigirma sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-09-09 19:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 9-sentabr kuni Taxiatosh tumani hokimligining katta majlislar zalida Xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashining yigirma sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya kun tartibida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor bo‘lgan quyidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi:
-
Moliyaviy va infratuzilmaviy masalalar: Sessiyada “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratish hamda jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” portali orqali 2026-yilning 2-mavsumida o‘tkazilgan tashabbusli budjet jarayonida eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgan loyihalarga “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”dan tegishli mablag‘larni yo‘naltirish masalasi muhokama qilinib, ma’qullandi.
-
Byudjet intizomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-387-sonli qarori ijrosi yuzasidan tumanda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.
-
Ijtimoiy himoya va xizmatlar: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli qarori ijrosi doirasida Taxiatosh tumanidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
-
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash: Yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, kun tartibidan o‘rin olgan Xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashining avvalgi qarorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ham deputatlar tomonidan muhokama qilindi.
Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan deputatlarning fikr-mulohazalari va takliflari tinglanib, Xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.



