MUROJAATLAR - ADOLAT KO‘ZGUSI: Sud tizimida yangicha munosabatlar davri
2026-08-12 14:35:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Endilikda "fuqaro davlat uchun emas, balki davlat fuqaro uchun" shiori real haqiqatga aylandi. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa, sud tizimida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Ilgari sud muassasalari ko‘pchilik uchun "yopiq qo‘rg‘on" sifatida qabul qilinar edi. Odamlar o‘z muammosi bilan sudga murojaat qilishdan qo‘rqar, jarayonlarning murakkabligi charchatar edi. Bugungi islohotlarning asosiy maqsadi esa - inson qadrini ulug‘lash, adolatni har bir insonning qalbiga va uyiga olib kirishdir.
Raqamlashtirish - adolatning yangi kuchi
Sud tizimidagi "Yangi davr"ni raqamlashtirishsiz ko‘rish mumkin emas. "E-SUD" elektron hujjat almashish tizimi, sud majlislarini onlayn translyatsiya qilish, sud hujjatlarini elektron shaklda olish kabi imkoniyatlar fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olmoqda. Eng muhimi, murojaatlarning "inson omili"siz ko‘rib chiqilishi korrupsiya xavfini keskin kamaytirdi.
Endilikda fuqaro o‘z murojaatining qaysi bosqichda ekanligini, uning ijrosi kimda ekanligini masofadan turib kuzatish imkoniyatiga ega. Bu - sudga bo‘lgan ishonchni tiklashning eng ishonchli yo‘li hisoblanadi.
Muammolarga yechim - mahalladan boshlanadi
Sud tizimida aholi muammolarini hal etishning eng samarali yo‘li sifatida sayyor qabullar amaliyoti keng joriy etildi. Sudyalarning o‘zlari odamlarning yashash joylariga, mahallalarga chiqib, ularning dardlarini eshitishi, joyida huquqiy tushuntirish berishi yoki muammolarni sud tartibida hal etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi yuzlab insonlarning hayotini yengillashtirdi.
Bunday muloqotlarda odamlar nafaqat qonuniy yechim, balki o‘zlariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni ham his etmoqda. Chunki adolat faqat sud zalida emas, balki odamlarning roziligida, ularning muammolari o‘z vaqtida hal etilishida namoyon bo‘ladi.
Yangi davr - yuksak mas’uliyat
Bugungi kunda sud tizimi xodimlari oldiga qo‘yilgan talab ham o‘zgardi. Endilikda sudya yoki sud apparati xodimi faqat hujjat to‘ldiruvchi emas, balki muammoni chuqur his qiladigan, qonun doirasida insonparvar qaror qabul qiladigan shaxs bo‘lishi ham kerak.
Albatta, tizimda hali kamchiliklar, muammolar bor. Lekin eng muhimi - bugungi sud tizimi kamchiliklarni yashirmasdan, ularni ochiq tahlil qilmoqda va hal etmoqda.
Muxtasar aytganda, murojaatlar bilan ishlashdagi bu "yangi davr" - aholining davlatga, adolatga bo‘lgan ishonchi ortishidir. Adolatli sud esa - kuchli jamiyat va rivojlangan davlatning poydevoridir.
A.Imatov
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi
G.Baynazarova
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi
