Taxiatosh tumani Ichki ishlar bo‘limi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhining katta inspektori, kapitan Xabipov Janabay Alimovichning “Xavfsiz va salomat diyor” tadbiri munosabati bilan tuman aholisiga Murojaati
2026-07-27 14:30:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli tuman ahli va mehmonlari!
Mamlakatimizda aholi migratsiyasi sohasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, davlat xizmatlarini yanada soddalashtirish hamda fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 10-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risida”gi 1074-sonli Qonuni asosida yashash va turgan joyi bo‘yicha hisobga olishning yagona huquqiy tizimi joriy etildi.
Biroq amaliyotda ayrim fuqarolarimiz orasida ushbu Qonun qabul qilinganidan so‘ng propiska tizimi butunlay bekor qilingan, degan noto‘g‘ri tushunchalar uchramoqda.
Shu munosabat bilan amaldagi qonunchilikka muvofiq, har bir fuqaro doimiy yoki vaqtincha yashash joyini o‘zgartirgan taqdirda, yangi manzilga kelgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida belgilangan tartibda hisobdan o‘tishi shart ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman.
-Buning uchun hududiy Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga, Davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda xizmatdan foydalanish mumkin.
Hurmatli fuqarolar!
Qonun talablariga amal qilmaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasiga asosan, hisobdan o‘tmasdan yashagan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida, ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda besh baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi. Shuningdek, fuqaroning hisobdan o‘tmasdan yashashiga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, bir yil davomida takroran yuz bersa o‘n baravari miqdorida jarima belgilangan.
Qonun bilan joriy etilgan yana bir muhim yangilik – ijarada turuvchilar uchun yaratilgan qulaylikdir. Endilikda ijarada turuvchilar uchun shartnoma rasmiylashtirilgan vaqtning o‘zida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali avtomatik tarzda hisobga olinadi. Bu ijarada turuvchilarning ichki ishlar organlariga kelishi, murojaat topshirishi, navbat kutishi kabi ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi.
Muhimi, aholining o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tishi davlat idoralariga aholining aniq hisobini yuritish, yangi ish o‘rinlarini rejalashtirish, uy-joy siyosatini olib borish, ijtimoiy va kommunal xizmatlarni samarali tashkil etish imkonini beradi.
Shu bois bu tizim nafaqat nazorat vositasi, balki hududlarni barqaror rivojlantirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholiga qulayliklar yaratishda muhim mexanizm hisoblanadi.
Qonunga hurmat – jamiyatda tartib-qoida va barqarorlikning eng muhim kafolatidir.
