"Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak" tamoyili davlat siyosatining asosiy yo‘nalishidir.
2026-07-19 15:55:00 / Yangiliklar
Jonajon Vatanimizning ko‘p ming yillik tarixida yangi davr - erkinlik va ozodlik, milliy tiklanish va yuksalish davri boshlandi. Biz bugun xalqimizning erk-irodasi bilan tanlab olgan, mustaqillik yillarida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat faxrli yo‘limizni sarhisob qilar ekanmiz, tarixan qisqa davrda o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal etish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash, milliy davlatchiligimizni, azaliy qadriyat va urf-odatlarimizni, muqaddas dinimizni tiklash, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritganimizni faxr bilan aytamiz. Albatta, bu yutuqlarni qo‘lga kiritishda Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tarixiy xizmatlari beqiyos bo‘lganini bugun barchamiz, butun xalqimiz qayta-qayta eslashi tabiiydir.
Bugun barchamiz bir fikrda yakdilmiz: Birinchi Prezidentimizning Vatan va davlat oldidagi buyuk tarixiy xizmatlari, o‘chmas xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Yurtimizda tinchlik va totuvlikni, xalqimizning munosib turmushini ta’minlash borasida bugun oldimizda yanada muhim vazifalar turganini biz har tomonlama chuqur anglaymiz. Dunyo miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi keskin davr barchamizdan yangicha ishlashni va fikrlashni, yuqori darajada safarbar bo‘lishni talab etmoqda. Oldimizda turgan ana shu ulkan vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.
Ushbu strategiyada davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, shuningdek, puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosatni izchil davom ettirish kabi masalalar taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
Harakatlar strategiyasida "Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak" degan tamoyil davlat siyosatining eng asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangani, albatta, bejiz emas.
Nukus tumanlararo
ma’muriy sudining raisi R.Jumabayev
