TAXIATOSHDA YILNING ENG NAMUNALI BOG‘CHA DIREKTORLARI ANIQLANMOQDA
2026-06-15 09:50:00 / Yangiliklar
Maktabgacha ta’lim — uzluksiz ta’lim tizimining eng muhim, poydevor bosqichi hisoblanadi. Ushbu tizimni zamon talablari darajasida rivojlantirish esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlarning salohiyati, boshqaruv mahorati va kreativ yondashuvlariga bog‘liq. Kecha Taxiatosh tumanidagi 18-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mezbonligida soha rahbarlarining bilim va tajribasini sinovdan o‘tkazuvchi nufuzli tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir shunchaki an'anaviy seminar bo'lib qolmasdan, rahbar xodimlarning professional tayyorgarlik darajasini amalda ko'rsatuvchi muhim maydonga aylandi. Ushbu ko‘rik-tanlov O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirining 2026-yil 27-martdagi 111-sonli buyrug‘iga 1-ilova — “Eng namunali maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori” ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari hamda mezonlari asosida yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirda tumandagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashishdi hamda ta’lim-tarbiya jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ilg‘or g‘oyalarini o‘rtaga tashlashdi. Xususan, muloqotlar davomida bugungi kun talabi bo‘lgan xalqaro metodikalarni, chet el ta’lim texnikalarini milliy tizimga integratsiya qilish, bolajonlarning intellektual salohiyatini oshirish masalalari keng muhokama qilindi. Nizom talablariga muvofiq tashkil etilgan qizg‘in musobaqa va intellektual shartlarda tumandagi rahbarlar o‘zlarining kasbiy kompetensiyalari hamda yetakchilik qobiliyatlarini amalda namoyish etdilar. Har bir ishtirokchi o'z muassasasida qo'llayotgan eng samarali boshqaruv usullarini o'rtoqlashdi. Tanlov doirasidagi shartlarda o‘zlarining kreativ loyihalari, chuqur pedagogik bilimlari va tashabbuskorliklari bilan 3-sonli bog'cha direktori Gulbahor Basimbetova, 6-sonli bog'cha direktori Raxatoy Eshmanova hamda 14-sonli bog'cha direktori Peruxon Xamidullayevalar alohida ajralib turishdi va tadbirda faol ishtirok etishdi. Bu kabi tanlovlar nafaqat rahbar larning mahoratini oshirishga, balki tumanimizdagi har bir maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlar uchun eng zamonaviy, xavfsiz va rivojlantiruvchi ta’lim muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Kelajak poydevori bo‘lgan yosh avlod tarbiyachilariga va soha rahbarlariga mas’uliyatli faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Qoraqalpoq davlat universiteti Filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi Abdullayeva Sohiba
