Sudlarda interaktiv xizmatlar
2026-06-06 15:35:00 / Yangiliklar

Rivojlanish yo‘lidan jadal sur’atlar bilan borayotgan va taraqqiy etgan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashga intilayotgan respublikamizda boshqa sohalar qatori sudlov tizimi ham samarali isloh qilinmoqda. Jumladan, sud tizimining qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, sud organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosini tashkil etmoqda.
Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va ulardan keng foydalanish hozirgi kunda mamlakatimizda sud tizimida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanib, sudlarda ish yuritish samaradorligini oshirish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interfaol xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish va sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining kompyuter savodxonligi darajasini oshirish hamda ishda zamonaviy kompyuter texnikasi va AKTdan foydalanish bo‘ycha amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, sud tizimida axborot xavfsizligi hamda hujjatlarning xavfsiz aylanishini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
Sudlov tizimini axborotlashtirish nafaqat sud organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga, balki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan odil sudlovning oshkoraligi va hamma uchun ochiqligi tamoyillarini hayotga joriy qilish, sudlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi va ulardan keng foydalanishni ta’minlash, aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichiga ko‘tarishga yordam beradi.
Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash maqsadida 2020-yil 3-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”گی Qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning quyidagi vazifalari belgilandi:
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;
Sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish;
Maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
Sud majlislarida masofadan turib, jumladan mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish;
Sudning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash, xizmat axborotlari va ma’lumotlarini kompleks himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqoridagi Qarori bilan 2020–2023-yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi. Dasturda quyidagilar nazarda tutildi:
2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
Barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish; sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;
Sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
Sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish; sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining izchil davomi sifatida sud sohasini raqamlashtirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Farmonda sud-huquq tizimining samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalar, xususan sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalarini kengroq joriy etish nazarda tutilgan.
Ushbu zamonaviy texnologiyalar byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, sunʼiy intellektga asoslangan tizimlar arizalarni elektron tarzda qabul qilish, hujjatlarni avtomatlashtirilgan tarzda koʻrib chiqish va sud qarorlarining shaffofligini taʼminlaydi. Shu asosda sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishi bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi. Raqamli imkoniyatlarni oʻzida mujassam etgan zamonaviy sud zallari tashkil qilinadi. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga koʻnsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari oshirilmoqda.
Sunʼiy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyati yaratiladi. Sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestri yuritiladi.
Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha choralar koʻriladi. Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi moduli ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi. Sudlar faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha “Kiber huquq” yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish yoʻlga qoʻyiladi.
“Raqamli sud” konsepsiyasi asosida sudga ariza berishdan oldin fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining tahminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlarning hisobini chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Murojaatlar sudga faqatgina elektron shaklda yuboriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmasdan sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi.
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi. Sunʼiy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi.
Farmon bilan 2025–2027-yillarga moʻljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi. Unda sunʼiy intellekt yordamida fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Bundan tashqari, sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi. “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish moduli joriy etiladi. Bunda, sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud maʼlumotlarini avtomatik yetkazish, fuqarolik, maʼmuriy, iqtisodiy va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha dastlabki sud maʼlumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali olish imkoniyati yaratiladi. Fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmat yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻzbekistonda sud faoliyatini raqamlashtirish jarayoni milliy qonunchilikka va xalqaro huquqiy standartlarga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sud ish yurituvining tezkorligi, shaffofligi va fuqarolarning sudga murojaat qilish huquqini amalga oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, videokonferensaloqa orqali ishtirok etish huquqini qonunan kafolatlash, xususan sud muhokamalarida texnik imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha aniq tartiblar ishlab chiqish, sud jarayonlarida shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, axborot xavfsizligini taʼminlashning huquqiy va texnik mexanizmlarini mustahkamlash, sudyalar va sud xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish boʻyicha muntazam malaka oshirish kurslarini tashkil etish, aholining onlayn sud xizmatlaridan foydalanish madaniyatini shakllantirish uchun ommaviy axborot vositalari va internet orqali tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadga muvofiq boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maʼmuriy sudining sudya katta yordamchisi: G. Jollibayeva
