PAXTACHILIKDA KECHIKTIRIB BO‘LMAYDIGAN AGROTEXNIK TADBIRLARNI TIZIMLI VA O‘Z MUDDATLARIDA AMALGA OSHIRIB, YUQORI HOSIL VA DAROMAD OLISH UCHUN PUXTA ZAMIN YARATING! Taxiatosh tumani fermerlari kengashining fermerlarga MUROJAATI
2026-06-05 15:35:00 / Yangiliklar

Hurmatli fermerlar,
Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini oshirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, samarali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining 2026-yil 8-maydagi “G‘o‘za va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-82-sonli Farmoni bilan Siz fermer va klasterlarga bir qator imtiyozlar berildi.
birinchidan, shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizini, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizini hamda bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foizlik punkt mablag‘lari fermer xo‘jaliklariga qaytarib beriladi ya’ni, Siz fermerlarning mablag‘lari tejalayapti va iqtisodiy imkoniyatlaringiz oshayapti;
ikkinchidan, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida 2026-yil 1-apreldan 2026-yil 1-iyulga qadar qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan Agentlik orqali subsidiya ajratiladi;
uchinchidan, g‘o‘za xomashyosini xarid qilish uchun g‘o‘za-to‘qimachilik klasterlari hamda g‘o‘za xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 8 foiz punktidan yuqori, lekin 16 foiz punktdan oshmagan qismi qoblab berish bo‘yicha klasterlarga imtiyozlar berildi.
Paxtachilikda yuqori hosil olish, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari tomonidan tun-u-kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek, puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlar asosida o‘z samarasini berishini hammamiz his qilib turibmiz.
Joriy yilda tumanimiz bo‘yicha 3 ming 900 gektar maydonlarda shundan, 1 ming 45 gektardan ortiq Shinjon usulida chigit ekib, yuqori hosil olish bo‘yicha dalalarda shijoat bilan astoydil ish olib borilmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, ayniqsa bu yil iyun-iyul oyilari har yilgidan ko‘ra yomg‘irli va o‘ta issiq kelishi kutilayotganligi biz dehqon-u-fermerlar hamda klaster korxonalari tomonidan har qachongidan ko‘proq mas’uliyat bilan ter to‘kib ishlashni davr taqozo etmoqda.
Aziz fermerlar!
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik, 2026-yil 1-iyunidan “Dolzarb 30 kunlik” davomida agrotexnik tadbirlarni sidqidildan amalga oshirib, yuqori hosil va yuqori daromad uchun puxta zamin yarataylik!
Buning uchun har bir fermer xo‘jaligi o‘z dalasida bo‘lib, g‘o‘zaga ishlov berish, parvarishlash borasida soha olimlari, mutaxassislari va tajribali ustoz fermerlar tavsiyasi asosida tizimli ishlarni tashkil etish lozim bo‘ladi.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi
va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator
va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Yuqoridagidan kelib chiqib, g‘o‘zadan yuqori hosil olish uchun iyun-iyul oylarida, ya’ni joriy yilning 1-iyunidan 1-iyulgacha “Dolzarb 30 kunlik davrda” Siz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarga har qachongidan ham ziyoda mas’uliyat bilan yondoshishingiz so‘raladi:
birinchidan, g‘o‘za maydonlaringizni begona o‘tlardan tozalashni tashkil eting, buning uchun avvalo barcha ishchilaringizga sharoit yaratib, chopiqchilarni dalaga safarbarlik qiling va har bir fermer xo‘jaligi paxta va g‘alla maydonlari atrofini begona o‘tlar, xas-xashaklardan tozalash, dala madaniyatiga amal qiling;
ikkinchidan, xorijiy nav ekilgan (ikki genli) maydonlarga to‘liq glifosat sepishni tashkil eting, buning uchun birinchi glifosat preparati zahirasini yarating hamda mavjud 24dona OVX purkagichlarini dalaga chiqaring;
uchinchidan, surunkali yog‘ingarchilikdan keyin havo almashinuvi yomonlashgan va achchiq zax ko‘chaygan maydonlarda dala sharoitidan kelib chiqib, qator oralarini 30-35sm chuqur yumshatish va 10-16 sm chuqurlikda (kultivatsiya) ishlov bering;
Qator oralarini kultivatsiya qilishda traktorlarni past tezlikda, bir maromda yurgizing;
Mavjud 35dona chuqur yumshatgichlar hamda 68 dona kultivatorlarni to‘liq dalaga safarbar qiling. Ularning ish unumini oshiring;
Mexanizatorlar uchun dalaning o‘zida qulay shart-sharoitlar yaratib bering (ichimlik suvi, issiq ovqat, choy v.h.k.);
to‘rtinchidan,g‘o‘za maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan gektariga 250kg.dan ikkinchi oziqlantirish ishlarini amalga oshiring;
Buning uchun talab etiladigan 975 tonna azotli o‘g‘itlar zahirasini to‘liq yaratish zarur.
G‘o‘za maydonlarini gektariga 200 kgdan azotli meniral o‘g‘itlar bilan uchinchi oziqlantirish ishlarini amalga oshiring va talab etiladigan mineral o‘g‘itlar zaxirasini yetarli miqdorda yaratish choralarini ko‘ring.
beshinchidan, G‘o‘za maydonlarida shira-tripslarga qarshi kurash choralarini olib boring;
G‘o‘za maydonlarini alohida nazoratga olib, shira-trips tarqalgan maydonlarga biologik ishlovlarni o‘tkazing;
Zararkunanda me’yordan ko‘p bo‘lsa kimyoviy kurash choralarini qo‘llang;
O‘rgimchakkanaga qarshi profilaktik kurash choralarini amalga oshiring;
G‘o‘zani o‘suv davrida oltingugurt kukunini changlatish, 0,5–1 OOQ qaynatmasi (ISO) bilan ishlov bering va o‘rgimchakkana tarqalishi xavfi bo‘lgan g‘o‘za maydonlarini sug‘orish me’yorini nazoratga oling;
O‘rgimchakkananing tarqalishi bo‘yicha g‘o‘za maydonlarida kuzatuv-nazorat ishlarini olib boring, zararkunanda aniqlanganda maxsus akaritsidlar bilan kimyoviy ishlovlar o‘tkazing;
oltinchidan,g‘o‘zani stressdan chiqishi va rivojlanishini jadallashtirish maqsadida iyun oyida kamida ikki marta to‘liq aminokislotalar, mikroelementlar va biologik faol komplekslar saqlovchi preparatlar va karbomidli suspenziya sepishni amalga oshiring;
ettinchidan, g‘o‘zaning g‘ovlab ketishini oldini olish, bo‘g‘in oralig‘ini 3-4sm dan oshirmaslik hamda hosil olishini tezlashtirish maqsadida 4-5-chinbarg davridagi g‘o‘zaga 5-6gr, shonalash davrida esa 10-15gr dan o‘sishni boshqaruvchi (Entojean, Sojean) preparatlari bilan ishlov o‘tkazing;
sakkizinchidan, Suv tanqisligini inobatga olgan holda xar besh gektar maydonga bir dona sharbat o‘ralarini (xandak) qazish, gektariga 5 tonnadan jami 19 ming 500 tonna mahalliy o‘g‘itlarni dalaga chiqarib, faqat sharbat usulida sug‘orishni tashkil eting;
Sug‘orish ishlariga suvchilarni to‘liq jalb qilib, sug‘orish ishlarini oxirgi quloqdan navbatma-navbat tashkil qilib, fermerbay tizimida va faqat sharbat usulida sug‘orish hamda tungi sug‘orish ishlariga alohida e’tibor qarating;
Sug‘orish ishlarida qatnashadigan suvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratibbering (ichimlik suvi, issiq ovqat, choy v.h.k.);
to‘qqizinchidan, Shinjon ususida ekilgan maydonlarda tomchilatib sug‘orishni joriy eting;
o‘ninchidan, g‘o‘za 2-3 chinbarg chiqarganda organik biopreparatlar, kimyoviy moddalar (gumin, gumimax, NVK, ifo, PZN, Bioduks va xokazo) biologik stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering, g‘o‘zaning erta pishib yetilishi hamda paxtadan 50 sentner hosil olishga erishing;
o‘n birinchidan,Mavjud 2 ta biolaboratoriyangizda biomahsulotlarni sifatli va uzluksiz ko‘paytirish uchun ozuqa zahirasini yarating,
bunda, iyun oyida 24 kg Trixogramma, 32 mln Oltinko‘z va16 mln Brakon entomofaglarini ko‘paytirib, profilaktika maqsadida dala chetlariga gektar hisobida 1000-2000 donadan (10X10 sxemada 100 nuqtaga) oltinko‘z entomofagini;
ko‘sak qurtining har bir avlodining tuxumlariga qarshi trixogrammani 3-4kunda oralatib 3marta1grammdan (5X5 sxemada gektariga 400nuqtada) tarqating;
o‘n ikkinchidan,har bir fermer xo‘jaligi rahbari paxtachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib, bu yil g‘o‘za hosilini 50 sentner yuqori hosil olib, yuqori daromad olishga erishing hamda Prezidentimiz qaroridagi belgilangan imtiyozlardan foydalaning.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning e’tirofga arzigulik darajadagi biznes rejalaringiz asosida, bir necha yillar faqat xom-ashyo sifatida sotilgan tolalarimiz, bugungi kunda qayta ishlanib, tayyor mahsulot bo‘lib milliy iqtisodiyotimiz o‘sishiga va eksport salohiyatimiz mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, Sizlarning rejalaringizning muhim omili yetishtirilgan hosilning o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib olinishga bog‘liqdir.
Fermer xo‘jaliklariga g‘o‘za parvarishi va uning agrotexnikasida moliyaviy yordamingizni ayamasangiz, kuzda buning o‘z mevasini ko‘rishni esdan chiqarmang.
Qadrli fermerlar!
Ushbu yilda ham qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida yuqori hosil yetishtirish uchun hozirdanoq puxta zamin yaratilishi kerak. Yuqorida qayd etganimizdek, g‘o‘za dalalarida agrotexnika tadbirlarini qisqa muddatlarda, sifatli qilib yakunlash choralarini ko‘rish shu kunning muhim vazifasidir.
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb 30 kunlik”damobaynida paxtachilikda kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlarni tizimli va o‘z muddatlarida amalga oshirishga da’vat etamiz!
