Taxiatosh tumanida “Salomatlik marafoni”ga start berildi
2026-06-02 11:35:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, aholining keng qatlamini profilaktik ko‘rik va skrining tekshiruvlariga jalb etish, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha xabardorligini oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida 2026-yil 1-30-iyun kunlari davomida Taxiatosh tumanida “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbiri o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur tashabbus doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan “Sog‘lom turmush sari!” shiori ostidagi salomatlik marafoniga Taxiatosh tumani hokimligi tomonidan rasman start berildi.
Tadbir doirasida Davlatimiz rahbarining 2026-yil 21-maydagi "Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-muruvvat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida"gi PQ-196-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Taxiatosh tumani hokimi I.Sdikov tomonidan tumandagi bemor bolalarga respublika tibbiyot markazlarida bepul jarrohlik va davolanish imkonini beruvchi maxsus vaucherlar topshirildi.
Marafon davomida aholini profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, onkologik kasalliklar hamda boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning erta aniqlanishini ta’minlash, shuningdek, fuqarolar orasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot va amaliy tadbirlar amalga oshiriladi.
Ushbu marafon aholining o‘z salomatligiga mas’uliyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish va sog‘lom jamiyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Taxiatosh tumani hokimligi Axborot xizmati





