Korrupsiyaga qarsi kurash – asosiy vazifalarimizdan biri
2026-03-16 15:30:00 / Yangiliklar
Zamonaviy globallashuv sharoitida korrupsiya nafaqat milliy xavfsizlikka tahdid soladi, balki resurslarning noto‘g‘ri taqsimlanishi va ijtimoiy adolatsizlikka sabab bo‘ladi. Shu bois, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda. Bu normativ huquqiy hujjatlar qatoriga quyidagilarni misol qilib keltirsak bo‘ladi: “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni. (2017-yili 3-yanvar). Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022 yil 12 yanvardagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-81-sonli Qarori qabul qilinib, ushbu qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda oldini olish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, 2025-yili 26-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida, korrupsiya mavzisiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi: ” Yany, Takror va takror aytaman, Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid.
Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilindi.
Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatadi va Prezident oldida hisobot beradi.
Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi. Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘diruvchi, davlat boshqaruvi samaradorligini pasaytiruvchi va ijtimoiy adolat tamoyillariga putur yetkazuvchi salbiy hodisa hisoblanadi. U iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qilib, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi hamda huquqiy ong va madaniyatning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish faqat davlat organlarininggina emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi bo‘lishi lozim. Qonunchilik bazasini mustahkamlash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirish korrupsiyani kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir fuqaroning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabati jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Taxiatosh tumani Adliya bo‘limi
FHDY bo‘limi mudirasi V.X. Fayzullaeva
