QAROR VA UNING IJROSI
2026-02-23 17:30:00 / Yangiliklar

Qarorda ko‘rsatilganidek, bugungi kunda aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda joriy etilgan ijtimoiy reyestr tizimi aholi turmush darajasini yaxshilash, ehtiyojmand qatlamni aniqlash va ularga manzilli ko‘mak ko‘rsatishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar, avvalo, ijtimoiy adolatni ta’minlash, davlat yordamlari shaffofligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi. Reestrga kirgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hokim yordamchisi va ijtimoiy mutaxassis tomonidan individual dasturlar ishlab chiqiladi. Hokim yordamchisi kambag‘al oila a’zolarining daromadini oshirish, tadbirkorlikka jalb qilish va mahalla infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida, ijtimoiy mutaxassis esa ta’lim, tibbiy xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilash yo‘nalishlarida yordam ko‘rsatadi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ijtimoiy himoya sohasida muhim vositadir. Qo‘shimcha chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi oilalarni ijtimoiy tobelikdan chiqarish, ularning mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishi va jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda mahallamizda fuqarolarga yuqorida so‘z yuritilgan qarorning ahamiyati va afzalliklari haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ulbog‘an KUANDIKOVA,
Taxiatosh tumani "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi "Taxiatosh" mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis.
