XITOYLIKLAR «BOBOTOG‘» MAGISTRAL KANALI REKONSTRUKSIYASIDA ISHTIROK ETAYAPTI
2025-01-10 16:20:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-sentabrdagi tegishli qarori asosida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish» loyihasi doirasida ushbu magistral kanal rekonstruksiya qilinayotir.
Loyiha qiymati 13,1 million dollardan iborat bo‘lib, umumiy uzunligi 43,1 kilometr bo‘lgan «Bobotog‘» magistral kanalining 25,15 kilometr qismi betonlashtiriladi. Hozirgi paytda bosh pudratchi – Xitoy davlatining «China Geo-Engineering Corporation» kompaniyasi vakillari rekonstruksiya ishlariga 8 dona ekskavator, 7 dona «Mikser» rusumli betonqorgich, 2 dona katok hamda boshqa texnikalar, shuningdek, 7 nafar muhandis-texnik xodim va 95 nafar ishchini safarbar etgan bo‘lib, ular yordamida kuniga 1200 kub metr hajmda tuproq hamda 270 metr kub miqdorda beton ishlari bajarilmoqda.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati