ANGORLIK IRRIGATORLAR JORIY YILDA 20 MILLION METR KUB SUVNI TEJAMOQCHI
2025-01-10 16:10:00 / Yangiliklar
Tuman irrigatorlari fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mahallalar oqsoqollari bilan hamkorlikda ichki sug‘orish tarmoqlarini loyqayu chiqindilardan tozalashga ularning texnikasi hamda a’zolarini safarbar etishayapti. Bir so‘z bilan aytganda sug‘orish tarmoqlarini tozalash, ta’mirlash va tartibga keltirish ishlari qizg‘in davom ettirilayapti.
Angor tumani irrigatorlari sug‘orish tarmoqlaridagi gidrotexnik inshootlar va gidropostlar ta’mirini ham unutishmayapti. Hozirgacha sug‘orish tarmoqlarida sozlash rejalashtirilgan gidroinshootlarning 63 tasidan 16 tasi, 66 ta gidropostning 15 tasi ta’mirlanib, sug‘orish mavsumiga shay qilib qo‘yildi.
Angorlik suvchilar suv yo‘qotishlarning oldini olish va sarfini kamaytirish maqsadida kanal, ariq va ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishni ham jadallashtirmoqda. Betonlashtirish rejalashtirilgan 31,5 kilometr uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanalning 4 kilometr qismiga, 117 kilometr uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlarining 19 kilometr qismi betonlashtirib bo‘lindi. Tuman irrigatorlari betonlashtirishni to sug‘orish mavsumigacha tugatishi uchun «Amu-Zang» irrigatsiya tizimi boshqarmasi hamda Amu-Surxon ITHB huzuridagi nasos stansiyalarining bir guruh mutaxassislari, shuningdek, fermer xo‘jaliklari a’zolari va texnikalari bilan yordam berishayapti.
– Hamjihatlikda qilinayotgan mehnat natijasida har kuni bir kilometr uzunlikdagi sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishga erishayapmiz, – deydi Angor tumani «Suv yetkazib berish xizmati» DM direktori o‘rinbosari Shavkat Eshaliyev. – Tumanimiz dehqonlariga har yili g‘o‘za, g‘alla va takroriy ekinlarini suvlash uchun sug‘orish va nosug‘orish mavsumida 222 million metr kub obihayot yetkazib berilayotganini hisobga olsak, sug‘orish tarmoqlarini tozalash hamda betonlashtirish bo‘yicha belgilangan rejani bajarsak, yiliga 20 million metr kub suvni tejash imkoniyati yuzaga keladi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati