KORRUPSIYA – ILLAT, UNGA QARSHI KURASHISH – MUHIM VAZIFA
2024-10-29 17:40:00 / Yangiliklar
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev tizimda korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish hamda korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, bu borada targ‘ibot tadbirlari samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Tizimda mehnat qilayotgan barcha mutaxassis-xodimlar, ayniqsa, Jamoatchilik kengashlari, faxriy suvchilarning faol ishtirokini ta’minlashga urg‘u qaratildi.
Vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ishlar olib borilayapti. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda suv xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan rahbar-xodimlarning korrupsiyaga oid huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan davra suhbatlari, seminar-treninglar o‘tkazilyapti.
Vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens bo‘limi tomonidan joylarda tashkil etilayotgan nazorat tadbirlarida maqsadli indikatorlarning bajarilishi bo‘yicha aniqlangan korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni baholash va boshqa muammoli holatlar tahlil qilib borilmoqda.
Keyingi ikki oy davomida Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Chapqirg‘oq Amudaryo, Norin-Qoradaryo, Sirdaryo-So‘x va Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Yig‘ilish yakunida vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish, bu masalalarni hay’at va Jamoatchilik kengashi yig‘ilishlarda muntazam muhokama qilishga kelishib olindi.
Axborot xizmati