SURXONDARYODAGI NASOS STANSIYALARIDA KUZGI-QISHKI TADBIRLAR QIZG‘IN PALLADA
2024-10-03 16:35:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda ham kuzgi g‘alla ekilgan va ekilayotgan maydonlarni sug‘orish uchun nasoschilar astoydil mehnat qilishayotir. Shu bilan birga ular kuzgi-qishki tadbirlarni amalga oshirishga ham ulgurishayapti. Har bir nasos stansiyasida agregatlarning bir qismi ta’mirlashga to‘xtatilib, ishlab turganlari hisobiga iste’molchilar talabi bo‘yicha suv yetkazib berilayotir.
Boshqarma ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Xo‘jamqul Mirzayev taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, kuz-qish mavsumida nasos stansiyalaridagi yaroqsiz holga kelgan va ta’mirga muhtoj agregatlarning 171 tasini sozlash rejalashtirilgan. Elektr dvigatellarning 138 tasi ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Qisqa fursatda 15 ta nasos agregati, 10 elektr dvigatel ta’mirlanib, ishchi holatiga keltirildi.
Bundan tashqari, boshqarma rahbariyati tashabbusi hamda burchga nisbatan mas’uliyat bilan yondoshish tufayli kuz-qish oylarida 29 dona sug‘orish va 22 dona meliorativ quduqlarni ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Bir oy mobaynida sug‘orish quduqlarining 5 donasi, meliorativ quduqlarining 3 donasi sifatli ta’mirdan chiqarildi. Nasos stansiyalari mutaxassislari bosimli quvurlar va transformatorlarni ta’mirlashni ham unutishmayapti. Mablag‘ va imkoniyatga qarab, shuningdek, ajratilayotgan ehtiyot qismlar evaziga transformator va bosimli quvurlar peshma-pesh ta’mirlanmoqda.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati