KANALLARNI BETONLASH SUVNI TEJASHDA SAMARA BERAYAPTI
2024-07-23 15:40:00 / Yangiliklar
Mamlakatdagi suv resurslarining 20 foizi O‘zbekistonning o‘zida, katta qismi esa qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamaymoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat ham jiddiy. Bularning ta’sirida 2030-yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinyapti.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 mlrd kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘layapti. Eng ko‘p suv yo‘qotishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv ta’minoti juda og‘ir hisoblanadi.
Suv yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024 yil – suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayapti.
2024-yilda 215 ta obуektda qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish uchun 1 880,0 mlrd. so‘m (shundan, 1650,0 mlrd. so‘m irrigatsiya, 230,0 mlrd. so‘m melioratsiya) mablag‘lar limiti ajratilgan.
Ushbu mablag‘lar hisobiga irrigatsiya tarmoqlari va inshootlari bo‘yicha 816,6 km kanal, 81,0 km lotok, 59 ta gidrotexnika inshootlari, 38,1 m3/s nasos stansiyalari, 23,5 km bosimli quvurlar, 80 ta sug‘orish qudug‘i, 6,8 mln. m3 hajmli suv ombori qurish va rekonstruksiya qilish hamda 10,4 km qirg‘oq himoya ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Shuningdek, melioratsiya tarmoqlari va inshootlari bo‘yicha 254,8 km ochiq, 113,8 km yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 83 ta vertikal drenaj qudug‘i, 25 ta gidrotexnik inshoot, 618 ta kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning o‘tgan olti oyida vazirlikning “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida irrigatsiya-melioratsiya obуektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 907 mlrd. so‘m (limitga nisbatan 60 foiz) mablag‘ o‘zlashtirildi.
Shundan, kanallarni betonlashtirish bo‘yicha Respublika byudjetidan ajratilgan 676,7 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobiga 75 ta loyihada 554,5 km magistral va xo‘jaliklararo kanallarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
75 ta loyihadan 56 tasida qurilish-montaj ishlari yakunlangan va 39 tasi Davlat qabul hay’atining dalolatnomasi bilan foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari, suv xo‘jaligida amaldagi xorijiy investitsiya loyihalari doirasida Farg‘ona vodiysida 151 km kanallar, Buxoro viloyatida “Jondor” kanali (23 km) va Surxondaryo viloyatida “Bobotog‘” kanali (24 km) betonlashtirilmoqda.
Xitoyning “CITIC Construction”, “China CAMC Engineering” va boshqa nufuzli kompaniyalari bilan Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi 1 307 km kanallarni betonlashtirish va suv omborlarini qurish bo‘yicha (dastlabki qiymati 220 mln. doll) loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida uzunligi 316 km bo‘lgan 26 ta kanal, Buxoro viloyatida 64,1 km, 6 ta kanal, Namangan viloyatida 22,9 km, 2 ta kanal, Surxondaryo viloyatida 904 km, 47 ta kanalni rekonstruksiya qilish loyihalarining texnik iqtisodiy asoslovi ishlab chiqilmoqda.
Beton qilingan kanallarda suv yo‘qotishlari kamayib, ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanishiga erishilmoqda.
Axborot xizmati