Rasmiy munosabat: Autsorsing xizmati uchun mablag‘ ajratilib, tender savdolari e’lon qilingan
- Kuni-kecha Gazeta.uz internet sayti orqali "Maktab avtobuslari o‘rniga Damas — bu xavfli emasmi?" nomli maqola e’lon qilindi. Unda joriy yil sentyabr boshida Surxondaryo va Qashqadaryodagi 100 ta maktab uchun alohida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani, lekin Surxondaryodagi ba’zi maktablar o‘quvchilari avtobuslarda emas, balki "Damas"larda tashilayotganligi haqida so‘z borgan.
- Ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlarning ayrimlariga Surxondaryo viloyati hokimligi, Transport boshqarmasi va boshqa muassasalar mas’ullari tomonidan tegishli izohlar berilgan. Bundan tashqari maqolada keltirilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
- Surxondaryo viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF–37-son "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmoni 1-ilovasi 6-bandiga muvofiq viloyatning olis va chekka hududlarida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun autsorsing asosida bepul avtobus ajratish va qatnovini yo‘lga qo‘yish harakatlari olib borilmoqda.
- Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi 2025-yil uchun markazlashgan xarajatlar smetasining tovar va xizmatlar sotib olish moddasiga 1 milliard so‘m mablag‘ rejalashtirgan.
- Shu munosabat bilan hududdagi olis va chekka maktablar uchun avtobus xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha davlat xaridlarining maxsus axborot portalida tegishli e’lon joylashtirilgan. Biroq ushbu xizmatni autsorsing asosida ko‘rsatish bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari tomonidan hozircha takliflar kelib tushmagan. Shunga qaramay bu borada ishlarni tashkil etish, muqobil yechimlarini qilish maqsadida qator maktablarga "Damas" avtomashinalari ajratilgan.
- Bu yechim vaqtinchalik bo‘lib, kelgusida xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bilan o‘quvchilarni avtobuslarda maktablarga tashish autsorsing xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
