Surxondaryoda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi
2025-11-04 19:50:00 / Majlislar

Bugun Jarqo‘rg‘on tumanida Oliy Majlis Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Kengashning sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Milliy va hududiy kengash a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Yoshlar parlamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida korrupsion holatlarning oldini olish, sohalarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish masalalari atroflicha tahlil etildi.
Prezidentimiz rahbarligida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida 2 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb etish, 425 ming nafar aholini ish bilan ta’minlash va eksport hajmini 320 million dollarga yetkazish vazifalari belgilangan. Shu bilan birga, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Ta’kidlanganidek, korrupsiyaning oldini olish davlat boshqaruvida ochiqlik, samaradorlik va jamoatchilik ishonchini ta’minlaydigan muhim omil hisoblanadi. Shu bois, viloyatda energetika, qurilish va kadastr sohalarida mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama etildi.
O‘rganishlar jarayonida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi holatlar aniqlangani qayd etildi.
Yakunda mutasaddilarga barcha sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, aholi murojaatlariga tezkor va samarali javob berish, mahalliy kengashlar faolligini kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi. Shuningdek, o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan mas’ul xodimlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlari berildi.









