Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning voha ahliga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
2025-09-01 07:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ayni kunlarda, xalqimiz hayotida tarixiy burilish yasab, ezgu intilishlarimiz, orzu niyatlarimizni ro‘yobga chiqargan – Mustaqil-ligimizning 34 yilligi bayrami yurtimizda katta xursandchilik bilan qarshi olinmoqda.
Barchamiz uchun qadrli bo‘lgan ushbu ayyom bilan Siz azizlarni, yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishtiyoqi bilan yashayotgan barcha vohadoshlarimizni hamda hurmatli mehmonlarimizni chin qalbimdan muborakbod etaman!
Hurmatli tadbir ishtirokchilari,
Ma’lumki, xalqimiz azal-azaldan yaqin qo‘shnilar bilan bir tan-u - bir jon bo‘lib, ahil-inoqlikda yashab kelgan.
Ayniqsa, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro do‘stona munosabatlarni yaxshilash, hamkorlik va hamjihatlik ishlari yangi bosqichga ko‘tarilib, yanada mustahkamlanmoqda.
So‘zimning isboti sifatida bugungi shodiyonamizga tashrif buyurib, xursandchiligimizga sherik bo‘layotgan aziz mehmonlarimiz Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati raisining o‘rinbosari Zarobiddin Fayzullozoda, Hisor shahri raisi Jabbor Nosirzoda, Tursunzoda shahri raisi Parviz Akramzoda, Boxtar shahri raisi Abdulmajid Mo‘minzod, Do‘sti tumani raisi Davron Nishonzoda, Jaloliddin Balxiy tumani raisi Rustam Xoliqzoda, Abdurahmon Jomiy tumani raisi Mahmud Amrzoda hamda Shahrinav tumani ijroiya hokimiyati raisining birinchi o‘rinbosari Olimjon Anvarzodalarga xalqimizga, milliy bayramimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborlari uchun vohadoshlarimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli bayram ishtirokchilari,
Mustaqilligimizning bu yilgi shodiyona-lari muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida keng nishonlanayotganida ham chuqur ma’no, hayotiy hikmat mujassam.
Zero, bugun mamlakatimizdagi barcha islohotlar zamirida xalqimiz, millati-miz, Vatanimiz manfaati yotibdi, barcha davlat tashkilotlari mahallagacha tushib ishni tashkil etgan holda ko‘plab muammo va masalalarga yechim topish, xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirmoqda.
Shu nuqtayi nazardan so‘nggi yillarda mamlakatimizda har bir jabhada yangilanish davriga qadam qo‘yilganligi va bu esa xalqimizning hayotida o‘z aksini topayotgan-ligini bugun yana bir bor mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
Kuni kecha o‘tkazilgan Respublikamizning asosiy bayram shodiyonalaridagi Muhtaram Prezidentimizning tabriklarida so‘nggi yillarda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida hamda tashqi siyosatida erishilgan natijalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Quvonarlisi, e’tirof etilgan natijalar, tarixiy o‘zgarishlarni viloyatimiz misolida ham guvohi bo‘lib kelmoqdamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘tmishdan ilm-u-fan, ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgan Surxon vohasi ham yanada obod, go‘zal va farovon maskanga aylanmoqda.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Shunday fayzli, xursandchilik kunida viloyatimizda erishilgan yutuqlarni e’tirof etish hamda oldimizda turgan yangi marralarni Sizlar bilan o‘rtoqlashishni o‘rinli deb bilaman.
Chunki, bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Qo‘lga kiritilgan yutuqlarimiz, farovon hayotimiz zamirida Muhtaram Prezidenti-mizning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan oqilona siyosati hamda tanti, mard, ahil va hamjihat vohadoshlarimizning zahmatli mehnati yotibdi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari,
Shu o‘rinda aytish kerak, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda munosib ishtirok etgan har bir inson, uning mehnati yuksak darajada qadrlanmoqda.
Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan ham mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etib, uning ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan turli soha vakillari davlatimizning yuksak mukofot-lariga sazovor bo‘lib, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Ular orasida 14 nafar vohadoshimizning borligi hammamizda quvonch va yuksak faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
Fursatdan foydalanib, Siz azizlar, qolaversa, vohamiz ahli nomidan yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan fidoyi vohadoshlarimizni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Hurmatli tadbir qatnashchilari!
Mustaqilligimizning o‘tgan yillariga nazar tashlasak, xalqimiz farovon hayotining kafolati bo‘lgan tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga qulay muhit yaratish va ko‘plab imtiyozlar joriy etilishi o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Jumladan, keyingi 8-yilda tadbirkorlar soni 3,2 barobarga oshdi va bugungi kunda 36 mingtaga yetdi.
Asosiysi, endi tadbirkorlarimiz orasida Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “chempion tadbirkorlar” hamda xorijiy kompaniyalar bilan raqobat qila oladigan mahalliy yirik kompaniyalar sinfi shakllanib, ularning soni kun sayin ortib bormoqda.
Ular viloyatimiz iqtisodiy imkoniyatlarini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda.
Hurmatli vohadoshlar,
Mamlakatimizda tadbirkorlik va soliq sohalaridagi islohotlar va qulay investitsion muhitning yaratilishi xorijiy investorlar diqqat markazida bo‘lganligini xorijiy davlatlarga qilgan safarlarimiz davomida amin bo‘lmoqdamiz.
Misol uchun, birgina avgust oyi boshida Xitoyga qilgan safarimiz davomida o‘tkazilgan 2 ta yirik Biznes forumida 100 dan ortiq salohiyatli kompaniya rahbarlari bilan uchrashib, umumiy qiymati 10 mlrd. dollarlik jami 17 ta loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdik.
Joriy yilda xorijiy investitsiya jalb qilish viloyat tarixida bo‘lmagan 1,1 mlrd. dollarga yetkaziladi.
Misol uchun, bugungi kungacha xorijiy investorlar ishtirokida Qumqo‘rg‘on tumanida paxtani qayta ishlovchi “Qumteks Invest” korxonasi, Bandixon tumanida “Bandixon klaster” yirik ip yigiruv fabrikasi ishga tushirildi.
Termiz tumanida qiymati 28 mln. dollar bo‘lgan bazalt plitalarni ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilda viloyatimizda barcha Davlat dasturlari doirasida jami 1 037 ta qurilish obyektlari uchun 3,3 trln. so‘m mablag‘ ajratilib, 180 dan ortiq ijtimoiy soha va 200 dan ortiq infratuzilma obyektlari, 215 km. ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 480 km avtomobil yo‘llari, 8 dona ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurish hamda 9 200 xonadonli zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylarni barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugun, bayram munosabati bilan jami qiymati 460 mlrd so‘m bo‘lgan 158 ta qurilish ishlari yakunlangan obyektlarni foydalanishga topshirdik.
Shuningdek, Hurmatli Prezidentimizning tashabbuslari bilan viloyatdagi 77 ta og‘ir mahallalardagi tomorqa suvi, elektr tarmoqlari va yo‘l infratuzilmalari yaxshilanib, jami 170 mingdan ortiq aholining yashash sharoitlari yaxshilandi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 460 km. umumiy foydalanishdagi, 300 km. ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llari hamda 5 ta yirik ko‘priklar ta’mirlandi.
115 km. ichimlik va 11 km. oqova suv tarmoqlari hamda 5 ta ichimlik suvi inshooti qurildi.
Viloyatning Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Bandixon va Oltinsoy tumanlarida “To‘palang-Termiz” loyihasi doirasida ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilandi.
Natijada 540 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 945 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 47 foizdan 66 foizga yetkazildi.
Yil yakunigacha “To‘palang” suvini Termiz shahriga qadar yetkazib berish bo‘yicha ishlar jadal amalga oshirilmoqda.
Umuman loyiha yakuni bilan viloyatdagi 1 mln. 700 ming aholi istiqomat qilayotgan 493 ta mahallaning suv ta’minoti tubdan yaxshilanib, aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 80 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, 130 ta transformator punktlari va 360 km elektr uzatish tarmoqlari yangilandi. 440 ta transformator punktlari va 1 300 km. elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirlandi. 7 581 dona tayanch ustunlari o‘rnatildi.
Natijada 66 ming xonadonlarning elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilandi.
Oldingi yillarda qurilgan 70 ta ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ushbu uylarda istiqomat qilayotgan 10 mingdan ortiq fuqarolarimizning yashash sharoitlari yaxshilandi.
Bu yil ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lgan aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida viloyatimizda marra juda katta olingan bo‘lib, joriy yil yakuniga qadar jami 9 ming 200 xonadonli 156 ta ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshiriladi.
Bugungi kunga qadar 2 ming 65 xonadonli 46 ta uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.
Xususan, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida foydalanishga topshirilgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari hududlarga yangicha fayz bag‘ishladi desam adashmagan bo‘laman.
Ayni kunlarda, Termiz shahrida, Denov va Qumqo‘rg‘on tumanlarida yangi zamonaviy turar-joy massivlari barpo etilmoqda.
Jumladan, “Termiz SITI”, “Denov SITI” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Sariosiyoda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, zamonaviy Aeroport ishga tushirildi. Natijada viloyatning shimoliy tumanlari aholisining Toshkent shahri va boshqa hududlarga borib-kelishi uchun qulaylik yaratildi.
Termiz shahrida “Tibbiyot klasteri” ishga tushirilib, tibbiy xizmatlar ko‘lami oshirildi hamda viloyatning o‘zida murakkab jarrohlik operatsiyalari yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, 10 dan ortiq murakkab jarrohlik amaliyotlari, jumladan, ilk bor ochiq yurak jarrohligi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar 100 nafarga yaqin bemorlarda ushbu amaliyot muvafaqqiyatli amalga oshirildi.
Shuningdek, sifatli ta’lim uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida keyingi 8-yilda 450 ta maktablarda yangi zamonaviy binolar qurildi, 135 ta maktab mukammal ta’mirlandi.
Maktab ta’limida amalga oshirilgan ishlar natijasida ta’lim sifati tubdan yaxshilandi. Misol uchun, viloyatimiz maktab o‘quvchilarining birgina fan olimpiadalaridagi ko‘rsatkichi Respublikada so‘nggi yillardagi oxirgi 14-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi.
Bundan tashqari, viloyatda davlat bog‘chalari soni 289 tadan 487 taga yetkazilishi hamda 2 ming 767 ta nodavlat bog‘chalari tashkil etilishi natijasida 3-7 yoshli bolalar qamrovi 12 foizdan 68 foizga oshdi.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholini, xususan, yoshlarni ish bilan ta’minlash, kadrlar bilan ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatimizda ham bilimli, xorijiy tillarni o‘zlashtirgan, tashabbuskor yoshlar soni yildan yilga oshib bormoqda.
Joriy yildan viloyatimizda yangi tajribani boshladik. Bu yil viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan 11 ming nafar surxondaryolik bitiruvchilar orasidan 427 nafar eng iqtidorli, eng bilimlilarini tanlab olib, barchasini ish bilan ta’minladik.
Bu orqali myehnat bozoriga bilimli, istiqbolli kadrlar kirib kelib, yaqin yillar ichida barcha sohalarda juda katta o‘zgarishlar amalga oshiriladi.
Qadrli vohadoshlar!
So‘nggi yillarda viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida ham tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Xususan, joriy yilgi mavsumda zahmatkash fermer va dehqonlarimiz tomonidan boshoqli don yetishtirishda o‘rtacha hosildorlik 92 sentnerga yetkazildi.
Quvonarlisi, endi dehqonlarimiz ham izlanib, yangilik qilishmoqda.
Misol uchun, so‘nggi yillarda viloyatda Qizil loviya, Brokkoli karami, Kabachki, Qizil karam, Rukkola, Malina, Seldrey bargi kabi yuqori daromadli ekinlar ekilmoqda.
Ayni vaqtda dalalarda yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib terib olishda ham ishlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Qadrli vohadoshlar!
Shu o‘rinda aytish kerak, viloyatning betakror tabiati, boy tarixi va madaniyati kun sayin xorijiy va mahalliy turistlarni o‘ziga jalb etib, ularning oqimi ko‘payishiga xizmat qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyatning tabiiy, madaniy va turistik salohiyati ham yildan yilga namoyon bo‘lib bormoqda.
2018-yil davomida viloyatimizga 21 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurgan bo‘lsa, hozirgi kunda bir oyda tashrif buyurganlar soni 20 mingdan oshib ketdi.
Shu nuqtayi nazardan viloyatda ichki turizm va aholini mazmunli xordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Termiz shahridagi istirohat bog‘i hududida 10 mln. dollar qiymatdagi “Etno shaharcha” loyihasi, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot hamda Jarqo‘rg‘on tumanlarida 24/7 rejimdagi yoshlar va turizm ko‘chalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 50 ming nafardan oshiq aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Ayni kunlarda viloyatning 12 ta hududi - Termiz shahri, Angor, Bandixon, Boysun, Denov, Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Sho‘rchi va Uzun tumanlarida umumiy qiymati 118 mlrd. so‘m bo‘lgan tun-u-kun ishlaydigan turizm va gastronomik ko‘chalar tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, dunyoga mashhur “Omonxona” va “Sangardak” hududlarida yirik turizm markazi hamda “Janubiy Surxon” suv ombori hududida zamonaviy ekoturizm majmuasi loyihalari amalga oshirilmoqda.
Sariosiyo tumanida Sangardak turizm markazining tog‘li hududidagi 50 gektar yer maydonida qiymati 25 mln. dollarlik turizm maskani tashkil etilmoqda.
Boysun tumanida Termiz davlat universiteti tomonidan “Darband o‘quv amaliyot bazasi”dagi 10 gektar maydonda qiymati 11 mlrd. so‘mlik ekstremal turizm loyihasi amalga oshirilmoqda.
Sherobod tumanidagi tuz konida Eronning “Kapa Yurt Soon” kompaniyasi tomonidan qiymati 15 mln. dollarlik eko va tibbiy turizm kompleksi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Qadrli vohadoshlar!
Bundan tashqari, ayni kunlarda viloyatda istiqbolli bo‘lgan 20 dan ortiq yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xususan, birgina Xitoy davlatining yirik kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati salkam 3 mlrd. dollar bo‘lgan loyihalar amalga oshiriladi.
Jumladan,
-Termiz tumanida 1 000 gektar maydonda qiymati 1,0 mlrd. dollarlik 20 ta 12 qavatli zamonaviy turar-joy majmuasi, industrial park, mehmonxona, umumiy ovqatlanish nuqtalari, dam olish oromgohlari, ijtimoiy soha obyektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari quriladi;
-Jarqo‘rg‘on tumanida qiymati 700 mln. dollarlik ko‘mirni qayta ishlab gaz olish va qo‘shimcha neylon olish loyihasi yo‘lga qo‘yiladi;
-Sherobod tumanida qiymati 500 mln. dollar bo‘lgan kaliy tuzini qazib olish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi;
-Sherobod va Muzrabot tumanlarida qiymati 210 mln. dollarlik 200 MVt quvvatga ega shamol va quyosh elektr energiyasi stansiyasi quriladi;
-viloyatdagi 545 ta maktab va 343 ta bog‘chalarga qiymati 150 mln. dollarlik 200 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi;
-Termiz shahrida qiymati 100 mln. dollarlik 15 ta - 2 592 ta xonadon hamda 200 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini o‘z ichiga olgan 14-25 qavatli zamonaviy uylar quriladi;
-Boysun tumanida qiymati 50 mln. dollarlik ko‘mir qazib olishni kengaytirish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi;
-viloyatning tog‘li hududlardagi 20 ming gektar yer maydonida qiymati 20 mln. dollarlik dorivor o‘simliklarni yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi hamda Termiz shahrida shu yo‘nalishdagi zamonaviy xalqaro maktab va tibbiyot laboratoriyasi tashkil etiladi;
-Muzrabot tumanida 3 ming gektar yer maydonida qiymati 15 mln. dollarlik sholichilik va sholini qayta ishlash, guruchdan oziq ovqat va kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, viloyatda mahalliy tadbirkorlar ishtirokida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, o‘tgan yili faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Termiz xalqaro savdo Markazi” Erkin savdo zonasi analogi sifatida Sariosiyo tumanida 6 gektar yer maydonida qiymati 25 mln. dollarlik Tojikiston va O‘zbekiston chegarasi hududida Xalqaro savdo markazi tashkil etiladi.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Albatta, viloyatda yo‘lga qo‘yilgan va yo‘lga qo‘yilayotgan bunday loyihalarni amalga oshirishda fidoyi xalqimiz, tadbirkorlarimiz va turli soha vakillarining katta hissasi bor.
Fursatdan foydalanib, ularning mashaqqatli mehnatlarini alohida e’tirof etib, o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Aziz vohadoshlar va muhtaram mehmonlar!
Barchangizni, Sizlar orqali vohamiz ahlini, yana bir bor, eng ulug‘, eng aziz bayram - mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklab, el-yurt ravnaqi, taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman.
Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
