Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov "Dongfeng Liuzhou Motor Co., Ltd" kompaniyasining Jilin universiteti Sindao avtomobil tadqiqot instituti vitse-direktori Fu Xao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
2025-05-17 17:25:00 / Yangiliklar

Yurtimizda investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga qaratilgan islohotlar doirasida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik izchil kengayib bormoqda. Ayniqsa, Xitoy kompaniyalari bilan investitsiyaviy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov "Dongfeng Liuzhou Motor Co., Ltd" kompaniyasining Jilin universiteti Sindao avtomobil tadqiqot instituti vitse-direktori Fu Xao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv chog‘ida mamlakatimizning sanoat, avtomobilsozlik va ishlab chiqarish sohalaridagi imkoniyatlari, shuningdek, Surxondaryo viloyatining salohiyati va hududiy afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi. Mazkur ma’lumotlar asosida Xitoy kompaniyasining viloyatda zamonaviy avtomobil zavodi tashkil etish bo‘yicha taklifi muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Xitoy kompaniyalarining so‘nggi yillarda global avtomobilsozlik bozorida egallab borayotgan mavqei va ularning ilg‘or texnologiyalari alohida qayd etildi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini chuqur o‘rganish va uni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida har ikki tomon mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar o‘tkazishga kelishib olindi.





