O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
2025-03-14 20:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi mutasaddilari hamda Afg‘oniston vakili hamrohlik qildi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari "Termiz" xalqaro savdo markazining infratuzilmasi va faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Qozog‘iston savdo pavilonining ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu hudud orqali Qozog‘istonning yuqori sifatli mahsulotlari O‘zbekiston bozoriga yetkazilishi, tadbirkorlar va sarmoyadorlar o‘rtasida yangi hamkorlik loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida tomonlar o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish va logistika imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi. Ushbu tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.







