Surxondaryo viloyatida og‘ir hudud sifatida tanlab olingan mahallalarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2025-03-10 23:55:00 / Yangiliklar

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini Angor tumanida davom ettirib, "Navro‘z" mahallasidagi infratuzilmani yaxshilash ishlari bilan tanishdi. Jumladan, Ulug‘bek ko‘chasida ichki ariqlarni betonlash jarayoni o‘rganildi. Ishlarni jadallashtirish va ekin mavsumini hisobga olib, loyihani sifatli va qisqa muddatda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Shundan so‘ng, Sherobod tumanida joylashgan "Katta hayot" mahallasini rivojlantirish loyihalari ko‘rib chiqildi. Mazkur mahallada ikki qavatli uylarda yashovchi aholi uchun zamonaviy ko‘p qavatli turar joy kompleksi qurish loyihasi taqdim etildi. Viloyat rahbari, shuningdek, mahallada joylashgan 3-sonli maktab sharoitlari bilan ham tanishdi.
Bundan tashqari, M-39 avtomagistralining tuman hududidan o‘tgan qismida ko‘p qavatli uy-joylar, xizmat ko‘rsatish va savdo komplekslari qurilishi bo‘yicha mas’ullar axboroti tinglandi.
Tashrif yakunida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda davlat dasturlari ijrosi muhokama qilindi. Kompleksdagi tashkilotlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, mavjud kamchiliklar, qurilish jarayonidagi kechikishlar muhokama qilindi va kelgusi vazifalar belgilab berildi.








