Assalomu alaykum, munis va muhtarama onaxonlar! Qadrli opa-singillar!
2025-03-08 11:20:00 / Yangiliklar

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida xotin-qizlarning tutgan o‘rni beqiyosdir. Hurmatli Prezidentimiz rahnamoligida hayotimizning barcha sohalarida ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shayotgan opa-singillarimizning mehnati doimo davlatimiz e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Bu yil ham 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab bir guruh xotin-qizlar davlatimizning yuksak orden va medallari, shuningdek, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Surxondaryolik xotin-qizlarimiz ham bu e’tirofdan chetda qolmadi. Yurtimiz taraqqiyotiga o‘zining ilmiy, madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy faoliyati bilan katta hissa qo‘shayotgan opa-singillarimiz davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda. Xususan, viloyatimiz vakilalarining to‘rt nafari “Do‘stlik” ordeni va “Shuhrat” medallariga, ikki nafar iste’dodli qizimiz “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu yuksak e’tiroflar Prezidentimizning siz azizlarning mehnati va izlanishlaringizga bergan katta bahosidir.
Muhtarama onaxonlar, mehribon opa-singillar!
Sizlarni yana bir bor ushbu go‘zal bayram bilan muborakbod etib, hayotingiz doimo baxt va quvonchga to‘la bo‘lishini tilayman. Xonadoningiz fayzli, oilangiz tinch va to‘kin, orzu-intilishlaringiz barakali bo‘lsin!
Sizlarga sihat-salomatlik, farovonlik va hayotiy muvaffaqiyatlar tilayman!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va mo‘tabar ayollar!
Ulug‘bek QOSIMOV,
Surxondaryo viloyati hokimi
