ZO‘RAVONLIKSIZ BOLALIK — JAMIYATNING UMUMIY MAS’ULIYATI
2026-10-30 18:00:00 / Yangiliklar

Har bir bolaning xavfsiz muhitda yashashi, ta’lim olishi, sog‘lom rivojlanishi va o‘z salohiyatini erkin namoyon etishi uchun sharoit yaratish davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biridir. Zero, bolalikni zo‘ravonlikdan himoya qilish nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlod taqdiri bilan bog‘liq strategik masaladir.
Bolalar huquqlarini himoya qilish — xalqaro va milliy ustuvor vazifa
Globallashuv, axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi va ijtimoiy munosabatlarning murakkablashuvi sharoitida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalasi xalqaro hamjamiyat oldidagi dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida muhim xalqaro huquqiy asos bo‘ldi. Mazkur hujjatda bolalarning millati, tili, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, teng huquqliligi, ularning manfaatlarini ta’minlash hamda xavfsiz muhitda voyaga yetishi ustuvor tamoyil sifatida belgilangan.
Mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2008-yil 7-yanvarda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-139-son Qonunning qabul qilinishi bolalar huquqlarini himoya qilishning milliy huquqiy asoslarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, 2024-yil 14-noyabrda qabul qilingan O‘RQ-996-son “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ushbu sohadagi huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirdi. Unda bolalarga nisbatan jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya hamda ta’qib qilish kabi holatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalari qamrab olingan.
Mazkur qonunchilikning ahamiyatli jihati shundaki, zo‘ravonlik tushunchasi faqat jismoniy zarar yetkazish bilan cheklanmaydi. Bolaning sha’ni va qadr-qimmatiga, ruhiy holatiga, xavfsizligiga hamda asosiy ehtiyojlariga zarar yetkazuvchi harakatlar ham e’tiborga olinadi. Shu bilan birga, internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali sodir etiladigan zo‘ravonlik holatlarining ham qamrab olinishi raqamli muhitda bolalarni himoya qilish zaruratini yanada oshiradi.
Xalqaro statistik ma’lumotlar muammoning ko‘lamini ko‘rsatmoqda
Bugungi kunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik dunyoning turli mamlakatlarida uchrayotgan jiddiy ijtimoiy muammolardan biridir. Bunday holatlar oilada, ta’lim muassasalarida, jamoat joylarida, turli tashkilotlarda va internet muhitida sodir bo‘lishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida 2 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan qariyb 1 milliard bola so‘nggi bir yil davomida jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zo‘ravonlik yoxud e’tiborsizlikning biror shakliga duch kelgan bo‘lishi mumkin.
YUNISEFning 2024-yilda e’lon qilgan ma’lumotlarida esa dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan qariyb 400 million bola uy sharoitida jismoniy yoki ruhiy tajovuzga duch kelgani qayd etilgan. Ularning 330 million nafari jismoniy jazoga tortiladi.
Bundan tashqari, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 240 milliondan ortiq bola maktabda yoki uning atrofida zo‘ravonlikka duch keladi. Bu esa ta’lim muassasalarida xavfsiz muhit yaratish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, bolalarning murojaatlarini eshitish hamda pedagoglarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Qurolli mojarolar sharoitida ham bolalar eng ko‘p jabr ko‘rayotgan qatlamlardan biri hisoblanadi. BMTning 2025-yilga oid hisobotida bolalarga qarshi 41 ming 370 ta jiddiy huquqbuzarlik holati tekshirilib, tasdiqlangani qayd etilgan. Ushbu holatlar bolalarni o‘ldirish va jarohatlash, qurolli kuchlar va guruhlarga jalb qilish, o‘g‘irlash, maktablar hamda shifoxonalarga hujum qilish kabi jinoyatlarni qamrab oladi.
Keltirilgan raqamlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik alohida oilalar yoki muayyan hududlar doirasidagi muammo emas, balki xalqaro miqyosda tizimli choralar ko‘rishni talab etadigan dolzarb masala ekanini anglatadi.
Zo‘ravonlikning oldini olishda tizimli yondashuv muhim
YUNISEF tomonidan 2023-yilda ishlab chiqilgan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning xalqaro tasnifi — ICVAC (International Classification of Violence Against Children) zo‘ravonlik holatlarini yagona mezonlar asosida guruhlash va ular haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradi.
Bunday tasnif zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlarini to‘g‘ri aniqlash, ularning sabab va omillarini o‘rganish, shuningdek, profilaktika choralarini aniq maqsadlar asosida ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, bolalarni himoya qilish faqat sodir etilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilash bilan cheklanmasligi kerak. Buning uchun zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash, bolalarning murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, jabrlanganlarga psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish hamda takroriy zo‘ravonlikning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish zarur.
O‘zbekistonda bolalar himoyasi yanada mustahkamlanmoqda
Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida huquqiy va tashkiliy mexanizmlar izchil takomillashtirilmoqda.
Xususan, 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, 2025-yil 24-dekabrda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyaning tasdiqlanishi ham bolalar huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish va bu borada mas’ul tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish yo‘nalishidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Bolalar ombudsmani faoliyati doirasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki olti oyida ushbu idoraga 1 147 ta murojaat kelib tushgan. O‘rganishlar natijasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 8 ta jinoyat ishi hamda 15 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi asossiz deb topilgan 6 ta qaror prokuror tomonidan bekor qilinib, qayta o‘rganish uchun yuborilgan.
Bolalar ombudsmani YUNISEF bilan hamkorlikda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bo‘yicha xabardorlik darajasini o‘rganish maqsadida 9 500 nafardan ortiq bola o‘rtasida ijtimoiy so‘rov ham o‘tkazgan.
Bundan tashqari, xorijiy va milliy mas’ul idoralar hamkorligida jami 22 nafar bolaning xorijdan Vatanga qaytarilishi ham bolalar manfaatlarini himoya qilish borasidagi amaliy ishlarning muhim natijalaridan biridir.
Zo‘ravonliksiz bolalik — barchamizning mas’uliyatimiz
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishda qonunchilikni takomillashtirish bilan bir qatorda, uning ijrosini ta’minlash, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va oilalarda sog‘lom tarbiya muhitini shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega.
Bu borada, avvalo, zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berish mexanizmlarini soddalashtirish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, jabrlangan bolalarga psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish lozim. Ta’lim muassasalarida xavfsiz muhitni ta’minlash, pedagog va ota-onalarning zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha bilimlarini oshirish, shuningdek, bolalarning internetdan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Shuningdek, zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni muntazam tahlil qilish, amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini baholash va xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirish orqali mavjud muammolarga yanada samarali yechim topish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, “Zo‘ravonliksiz bolalik uchun birgalikda” tamoyili faqat ota-onalar yoki tegishli tashkilotlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir.
Har bir bolaning qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini hurmat qilish, uning xavfsizligini ta’minlash, ta’lim olishi va barkamol rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish barchamizdan mas’uliyat talab etadi.
Zero, bugun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish — ertangi kunning sog‘lom, bilimli va barkamol avlodini tarbiyalash demakdir. Zo‘ravonliksiz bolalik esa qonunlarda belgilangan tamoyillargina emas, balki har bir xonadon, ta’lim muassasasi va jamiyat hayotida amalda namoyon bo‘lishi kerak bo‘lgan ezgu qadriyatdir.
Abdixaliqova Suxaylo
Termiz tumanlararo ma’muriy sudi arxiv mudirasi.
