Xitoyda Surxondaryoning investitsiyaviy salohiyati taqdim etildi
2026-10-20 21:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 20-oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Anhuy provinsiyasi markazi — Xefey shahrida tadbirkor ayollar assotsiatsiyasi hamda yirik biznes vakillari hamkorligida xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Forumda turli sohalardagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, hududga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimligining investitsiya yo‘nalishiga mas’ul vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirkorlardan iborat viloyat delegatsiyasi ishtirok etdi.
Forum doirasida viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Botir Safarbuvayev Surxondaryoning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, mavjud imkoniyatlari hamda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar haqida taqdimot qildi. Shuningdek, xorijiy investorlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zaro tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro biznes-forumda ishtirok etish Surxondaryoning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarini xorijiy ishbilarmon doiralarga keng tanishtirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amaliy bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Xitoyning Anhuy provinsiyasida bo‘lib turibdi.




