Surxondaryoni Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi yangi logistika yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-10-07 19:00:00 / Yangiliklar

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Latviya Transport vazirligining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha vakili Eviya Dumpe hamda Boltiqbo‘yi–Markaziy Osiyo iqtisodiy rivojlanish assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Aleksandr Vidyakin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqotda Surxondaryoning Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, transport-logistika salohiyatidan samarali foydalanish va yangi investitsiya loyihalarini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Termizni Markaziy va Janubiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi transport-logistika zanjiriga integratsiya qilish, Latviya portlari va logistika kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va Yevropa bozorlariga eksport qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyot, “aqlli shahar” yechimlari, yashil energetika, suv tejovchi texnologiyalar, chiqindilarni qayta ishlash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yevropadan sayyohlarni Surxondaryoga jalb qilish, turoperatorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aniq qo‘shma loyihalarni shakllantirish va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ayni paytda Latviya delegatsiyasi Termiz xalqaro savdo markazining transport-logistika imkoniyatlari va eksport salohiyati bilan tanishmoqda.



