“Neftchi” bolalar futbol akademiyasiga tashrif
2026-10-06 17:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari kengashining III yig‘ilishi doirasida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov va Altay o‘lkasi gubernatori Viktor Tomenko “Neftchi” bolalar futbol akademiyasiga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarga akademiyada yosh futbolchilarni tayyorlash tizimi, o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari hamda sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Ayni paytda akademiyada 338 nafar yosh futbolchi 23 ta guruhga bo‘lingan holda muntazam mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari akademiyaning zamonaviy sport infratuzilmasi, turli formatdagi futbol maydonlari hamda mashg‘ulot bazasi bilan tanishdilar. Shuningdek, futbolchilarning jismoniy va sport ko‘rsatkichlarini muntazam tahlil qilishda zamonaviy, jumladan, Yevropa texnologiyalaridan foydalanilayotgani qayd etildi.
Mehmonlar akademiyada yosh futbolchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy mashg‘ulot infratuzilmasi hamda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, ijobiy taassurotlarini bildirdilar.








