Gender tengligi va ayollarning huquqlari
2026-09-22 19:05:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda gender tengligi masalasi jamiyat taraqqiyoti, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu maqolada gender tengligini ta’minlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikdagi yangiliklar hamda mavjud huquqiy mexanizmlar haqida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar: gender tengligi, xotin-qizlar huquqlari, qonun, Oliy Majlis, Senat, Konstitutsiya, normativ-huquqiy hujjatlar.
Hayot shiddat bilan o‘zgarayotgan, jamiyat jadal taraqqiy etayotgan bir davrda insonlar ham zamon bilan hamnafas bo‘lishga intilmoqda. Bu, albatta, xotin-qizlarga ham tegishlidir. Bugungi kunda ayollarning faqat uy ishlari va farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishi, “yo oila, yo ish” degan qarashlarning mavjudligi gender tengligiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan biridir.
Jamiyat taraqqiyotining muhim shartlaridan biri — tenglikni ta’minlashdir. Ayniqsa, jamiyatda ham, oilada ham erkaklar va ayollarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Afsuski, xotin-qizlar ayrim hollarda rivojlanish jarayonlaridan chetda qolmoqda. Ularning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki esa ba’zan turli qiyinchiliklar, oilaviy nizolar va boshqa muammolar bilan kechmoqda.
Mazkur holatlarning oldini olishda 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi mustahkamlab qo‘yilgan. Ayollarning qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga qaratilgan konstitutsiyaviy normalarning amaliyotda ta’minlanishi jamiyatda tenglik va adolat tamoyillarini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gender tengligi nafaqat insonning asosiy huquqlaridan biri, balki tinch, farovon va barqaror jamiyat barpo etishning muhim shartidir. So‘nggi yillarda gender tengligini ta’minlash borasida qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarning ta’lim olishi, mehnat qilishi, davlat boshqaruvi va jamoat hayotida faol ishtirok etishi uchun imkoniyatlar kengaytirilmoqda.
2030-yilgacha gender tengligiga erishish xotin-qizlarning huquqlarini cheklayotgan kamsitishning asosiy sabablarini bartaraf etish, mavjud qonunchilikni takomillashtirish va tenglikni ta’minlashga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishni talab qiladi.
Gender asosidagi zo‘ravonlikka barham berish ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini kafolatlash borasida mamlakatimizda tegishli qonunchilik bazasi shakllantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan.
O‘tgan yillarda yurtimizda xotin-qizlar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirishga doir 15 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini kafolatlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Shuningdek, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur mexanizmlar gender tengligini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini izchil amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxslarning belgilanishi ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Qonun ijodkorligi jarayoniga normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish instituti joriy etildi. Bu esa qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarda gender tengligi tamoyillarini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda davlat tomonidan xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda hamda saylov jarayonida teng ishtirok etishni ta’minlash kafolatlangan.
Vazirlar Mahkamasining “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston uchun Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadi — gender tengligini ta’minlash, barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan.
Unga ko‘ra, 2030-yilga borib xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini, shuningdek, yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Xulosa
Mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash hamda qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy va amaliy tizim shakllantirilgan.
Mazkur tizimning samarali ishlashi, qonunchilikda belgilangan kafolatlarning amalda to‘liq ta’minlanishi va gender tengligi tamoyillarining jamiyat hayotida yanada keng qaror topishi barchamizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimizga bog‘liq.
Viloyat ma’muriy sudi
N. Raxmanova
