Taxiatosh Surxondaryo tajribasi asosida rivojlantirilmoqda
2026-09-18 16:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududlar o‘rtasida tajriba almashish hamda biriktirilgan hududlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shu asosda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov kecha Taxiatosh tumaniga tashrifi davomida hududda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab, Markaziy mahallasida joylashgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Taxiatosh metall konstruksiyalar va nostandart jihozlar ishlab chiqarish zavodi faoliyati o‘rganildi. Yirik ishlab chiqarish salohiyatiga ega mazkur korxonada mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani sababli hozirda atigi 10 ta ish o‘rni yaratilgan.
Korxona hududidagi ikkita yirik kompleksdan birida ikkilamchi metallni qayta ishlash orqali armatura va metall profillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi ko‘rib chiqildi. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, shuningdek, 100 nafardan ziyod taxiatoshlik yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Viloyat rahbari korxonaning ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgiladi.
Shundan so‘ng “Surxon Taxiatash Tekstil” MCHJ faoliyati bilan tanishildi. Surxondaryolik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan, umumiy qiymati 9,7 million dollar bo‘lgan korxonada hozirda 200 ta ish o‘rni yaratilgan. Joriy yil boshidan buyon korxona tomonidan Rossiya Federatsiyasiga 600 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, tumanda amalga oshirilayotgan va kelgusida rejalashtirilgan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Qayd etilganidek, avvalgi yillarda Taxiatosh tumanida Surxondaryo viloyati tadbirkorlari ishtirokida to‘qimachilik, issiqxonachilik va qurilish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 11 million dollar bo‘lgan 8 ta loyiha ishga tushirilgan. Ularning amalga oshirilishi natijasida 345 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Markaziy mahallasida eski barak uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil qilish, shuningdek, aholi uchun qulay ijtimoiy infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, mahallada tashkil etilgan “Kreativ park”da amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Bu yerda “Sangardak” sharsharasi maketi, konsert va kinozallar, madaniyat uyi hamda boshqa madaniy-kreativ obyektlarni barpo etish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.
Kun yakunida Surxondaryo viloyati hokimligining Taxiatosh tumanidagi Ishchi guruhi shtabida tuman hokimi, mutasaddilar, mahalla raislari hamda tuman mahallalariga biriktirilgan Surxondaryo viloyati shahar va tumanlari hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda kun davomida o‘rganilgan masalalar, mavjud imkoniyatlar va aniqlangan muammolar muhokama qilindi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijro muddatlari hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy chora-tadbirlar belgilab berildi.









