Taroqli mahallasida yangilanishlar: sifat va natijaga e’tibor
2026-09-16 15:30:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati hududlarida og‘ir toifadagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Xususan, Sherobod tumanidagi 11 ta og‘ir toifadagi mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, hududlarni yoritish va obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, shu vaqtgacha infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan Taroqli mahallasida ko‘chalar asfaltlanib, zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatildi, piyodalar yo‘laklari barpo etildi hamda ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Natijada mahallaning qiyofasi yangilanib, aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratildi.
Mahalladagi yangilanish ishlari bilan tanishgan viloyat hokimi o‘rinbosari Alisher Amirov va Sherobod tumani hokimi Usmon Alimov aholi bilan muloqot qildi. Samimiy suhbat davomida aholi vakillari yaratilayotgan sharoitlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Mahallada aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar ham izchil olib borilmoqda. Xususan, ehtiyojmand xotin-qizlarga tikuv mashinalari topshirilib, ularning uy sharoitida mehnat qilib, daromad topishi uchun imkoniyat yaratildi.
Asosiy maqsad — har bir loyihani sifatli amalga oshirish va yaratilayotgan sharoitlarni bevosita aholi farovonligiga xizmat qildirish.





