Belarusdan Surxondaryoga sifatli mol go‘shti yetkazib berish yo‘lga qo‘yilmoqda
2026-09-10 21:00:00 / Yangiliklar

Xabar berganimizdek, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiyaning Belarus Respublikasiga safari davom etmoqda.
Safar dasturi doirasida viloyat hokimining Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri bilan uchrashuvida Surxondaryoga sifatli mol go‘shti yetkazib berish hamda chorvachilik sohasida zamonaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan edi.
Mazkur kelishuvlar doirasida surxondaryolik tadbirkorlar tomonidan chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi 4 ta korxona tashkil etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Kuni kecha ushbu kelishuvlar doirasida vohamiz tadbirkorlari Minsk viloyatidagi chorvachilik komplekslaridan birida bo‘lib, qoramollarni so‘yish, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash, eksportga tayyorlash, saqlash va logistika jarayonlari bilan batafsil tanishdilar.
Shuningdek, mahsulotlarni jo‘natish jarayoni, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda sifat nazorati tizimi o‘rganildi.
Kelgusida Surxondaryo viloyatiga yuqori sifatli, belgilangan veterinariya va sanitariya talablariga javob beradigan, “Halol” standartlari asosida tayyorlangan mol go‘shtini yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.









