Buxoro turoperatorlari Surxondaryoning turistik salohiyati bilan tanishdilar
2026-09-01 10:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryoning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirish maqsadida Buxoro viloyatining yetakchi turoperatorlari uchun Surxondaryo bo‘ylab infotur tashkil etildi.
Tashrif davomida mehmonlar viloyatning tarixiy-madaniy meros obyektlari, qadimiy ziyoratgohlari, tabiiy va ekoturizm maskanlari, shuningdek, sayyohlik infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Ularga Surxondaryoning mavjud turistik marshrutlari, sayyohlik imkoniyatlari va istiqbolli yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Infotur doirasida Buxoro va Surxondaryo turoperatorlari o‘rtasida uchrashuv ham tashkil etilib, unda qo‘shma turpaketlar ishlab chiqish, turistik mahsulotlarni o‘zaro targ‘ib qilish hamda sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida yangi turistik marshrutlarni yo‘lga qo‘yish, ikki hudud o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va Buxorodan Surxondaryoga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur infotur hududlarning turistik imkoniyatlarini o‘zaro targ‘ib qilish, turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda ichki turizm yo‘nalishlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.






