O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING 35 YILLIGI MUNOSABATI BILAN SURXONDARYO VILOYATI HOKIMI U.QOSIMOVNING BAYRAM TABRIGI
2026-09-01 08:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum,
Qadrli vohadoshlar,
Aziz mehmonlar!
Avvalo, barchangizni, sizlar orqali Surxon vohasida yashayotgan uch milliondan ziyod ko‘p millatli xalqimizni, shuningdek, Mustaqillik bayramimizni birga nishonlash uchun tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarimizni, xususan, Tojikiston Respublikasidan kelgan mehmonlarimizni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu yilgi shodiyonalarimiz «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilmoqda. Bu shiorda xalqimizni yagona maqsad atrofida birlashtirish, yurtimiz taraqqiyoti va farzandlarimiz kelajagi uchun mas’uliyat bilan mehnat qilishdek ulug‘ maqsad mujassam.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami biz – surxondaryoliklar uchun, ayniqsa, alohida ruh va mazmun kasb etmoqda.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz ishtirokida yurtimiz bo‘ylab umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 163 ta yirik sanoat, servis va ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.
Ushbu tarixiy marosimda vohamizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida davlatimiz rahbariga axborot berish, Surxondaryo ahlining samimiy minnatdorligini yetkazish nasib etdi.
Ana shu muloqot chog‘ida Prezidentimiz so‘nggi ikki yildagi ishlarimizni sarhisob qilib, «2025–2026-yillar Surxondaryo yili bo‘ldi», deb yuksak baho berdilar.
Davlatimiz rahbari barcha sohalarda keskin o‘zgarishlar bo‘layotganini, eng muhimi, odamlarning ongi va qarashlari o‘zgarayotganini alohida ta’kidladilar.
Bu — Surxondaryoning mard va tanti, mehnatkash va bag‘rikeng xalqiga, uning bunyodkorlik salohiyatiga, yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashayotgan insonlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tirofdir.
Shu qutlug‘ ayyomda butun Surxondaryo ahli nomidan muhtaram Prezidentimizga vohamiz taraqqiyoti, odamlarimizning munosib hayot kechirishi va farzandlarimizning baxtli kelajagi uchun ko‘rsatayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rliklari uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Mustaqillikning 35-yili – xalqimiz uchun shunchaki tarixiy sana emas.
Bu – milliy davlatchiligimizni tiklash va mustahkamlash, o‘z taqdirimizni o‘z qo‘limiz bilan belgilash, dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash yo‘lida bosib o‘tilgan sharafli yo‘ldir.
Mana shu yillar davomida o‘z davlatimiz, Konstitutsiyamiz, milliy armiyamiz va o‘z taraqqiyot yo‘limizga ega bo‘ldik.
Tilimiz, dinimiz, milliy qadriyat va an’analarimizga munosib hurmat qaytdi.
Buyuk ajdodlarimiz nomi va merosi tiklandi. O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘z so‘zi, o‘z o‘rni va o‘z nufuziga ega davlatga aylandi.
Ayniqsa, keyingi o‘n yilda inson qadrini ulug‘lash, odamlarni rozi qilish, xalq bilan muloqot davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi.
Iqtisodiyotimiz hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi, 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirib keldi, millionlab doimiy ish o‘rinlari yaratildi.
Yangi maktablar, bog‘chalar, universitetlar, shifoxonalar, korxonalar, yo‘llar va uy-joylar barpo etildi. Millionlab xonadonlarga toza ichimlik suvi kirib bordi.
Aziz do‘stlar!
Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyatlar kuchayib, millionlab insonlar tinchlik va osoyishtalikka zor bo‘lib yashayotgan bugungi murakkab davrda Vatanimizdagi tinchlikning, olib borilayotgan islohotlarning qadrini yanada teran his etishimiz kerak.
Bugun farzandlarimiz tinch osmon ostida maktabga bormoqda.
Yoshlarimiz o‘zi xohlagan joyda o‘qiyapti, kasb o‘rganyapti, orzularini amalga oshiryapti.
Odamlarimiz tadbirkorlik qilmoqda, uy qurmoqda, to‘y qilmoqda, farzandlarining kamolini ko‘rmoqda.
Mana shu oddiy ko‘ringan, ammo dunyodagi eng katta ne’mat bo‘lgan tinch va osuda hayotimiz uchun har qancha shukrona aytsak arziydi.
Hurmatli vohadoshlar!
Mustaqillik yillarida, ayniqsa, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining so‘nggi bosqichida Surxondaryo ulkan o‘zgarishlar maydoniga aylandi.
Viloyatimizning tashqi savdo aylanmasi 3,5 barobarga oshdi. Oxirgi 10-yilda eksport geografiyasi 12 ta davlatdan 34 ta xorijiy davlat bozoriga kengaydi.
7,5 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilib, 3,1 million kvadrat metr tijorat maydoni barpo etildi. Aholining real daromadlari 4 barobarga oshdi.
Iqtisodiyot tarkibida sanoat va qurilishda band bo‘lganlar ulushi 23 foizga, xizmatlar sohasida esa 42 foizga yetdi.
Kambag‘allik darajasi 4,9 foizga, ishsizlik 4,6 foizga tushdi. Termiz shahri, Angor, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on, Uzun va Sho‘rchi tumanlarida bu ko‘rsatkichlar tabiiy darajaga yaqinlashdi. 122 ta mahalla «ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud»ga aylandi.
Joriy yilning o‘zida 28 ta mahallada «Yangi O‘zbekiston» qiyofasini shakllantirish ishlari olib borilmoqda, 114 ta og‘ir toifadagi mahallada aholi uchun sharoitlar tubdan yaxshilanmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Ta’lim sohasida mustaqillik yillarida viloyatimizda 30 dan ziyod yangi maktab qurildi, 590 ta maktab rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 150 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 10 foizdan 75 foizga yetkazildi. Viloyatimizda 5 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi, oliy ta’limga qamrov 40 foizdan ortdi.
Mustaqillik bayrami arafasida 51 ta maktab, 25 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 60 ta mahallada infratuzilma obyektlarining foydalanishga topshirilayotgani bunyodkorlik ishlarining yana bir amaliy natijasi desak bo‘ladi.
Tibbiyot sohasida 2,1 ming o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonalar barpo etildi, zamonaviy tibbiy muassasalar tashkil qilindi.
Bugun viloyatimizning o‘zida jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazish, ochiq yurak jarrohligi kabi murakkab operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida minglab xonadonli ko‘p qavatli uylar qurildi. Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida «Yangi O‘zbekiston» massivlari qad rostladi.
So‘nggi yillarda minglab kilometr ichki yo‘llar qurildi va ta’mirlandi.
Boysun va Denovni bog‘lovchi 111 kilometr yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish, yurtimizni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometr magistralni kapital ta’mirlash ishlari yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochmoqda.
«Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on» temir yo‘lini tezyurar poyezdlar harakatiga moslash, «Qumqo‘rg‘on – Quduqli» uchastkasini elektrlashtirish, Termizdan Istanbul va Dubayga yangi aviaqatnovlar tashkil etish viloyatimizning transport va logistika salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Surxondaryo uchun ichimlik suvi masalasi yillar davomida eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib kelgan.
«To‘palang» suv omboridan foydalanish bo‘yicha 287 million dollarlik megaloyiha natijasida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 47 foizdan qariyb 68 foizga yetdi. Termiz shahri va tumanlarda yuz minglab aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Prezidentimiz bu ishlarni siyosiy iroda bilan amalga oshirganimizni, uning natijasi yillar o‘tsa ham odamlar salomatligida sezilishini alohida ta’kidladilar.
Haqiqatan ham, bu raqam ortida minglab xonadonlarga kirib borgan toza suv, onalarimizning yengillashgan yumushi, bolalarimizning salomatligi va butun bir avlodning hayot sifati turibdi.
Yil yakunigacha Muzrabotda 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazish, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlarida kanalizatsiya tarmoqlarini barpo etish ishlari ham izchil davom ettiriladi.
Aziz vohadoshlar!
Tadbirkorlik va investitsiya sohasidagi natijalar ham Surxondaryoning iqtisodiy salohiyati tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatmoqda. Viloyatimizda tadbirkorlar soni 31 mingdan oshdi. So‘nggi 10-yilda ularning soni 2,7 barobarga ko‘paydi. Ularning 11 mingdan ortig‘ini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Kuni kecha Termiz shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekiston–Xitoy» investitsiya forumi ham viloyatimizning xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Forumda Xitoyning 120 dan ortiq kompaniyasidan 350 nafardan ziyod vakil, shuningdek, 46 ta Afg‘oniston kompaniyasining 100 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi. Natijada umumiy qiymati 6,3 milliard dollar bo‘lgan 63 ta dastlabki investitsiya kelishuviga erishildi.
Joriy yil yakuniga qadar viloyatda 3 milliard dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport hajmini 2 barobar oshirib, 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Bu — yangi ish o‘rinlari, yangi korxonalar va, eng muhimi, odamlarimiz uchun yangi imkoniyatlar deganidir.
Masalan, Ispaniyaning Almeriya tajribasi asosida ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil etilishi minglab oilalar daromadini oshiradi, bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlaydi va eksport imkoniyatlarini kengaytiradi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Surxondaryo – O‘zbekistonning janubiy darvozasi.
Termiz xalqaro savdo markazi qisqa vaqtda yuz minglab xorijiy xaridorlarni qabul qilib, savdo va xizmatlar uchun yangi maydonga aylandi. Markaz hududini ming gektarga yetkazish, bu yerdagi savdo va xizmatlarni eksport sifatida baholash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar vohamizni Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqishning muhim markaziga aylantiradi.
Shu bois biz Surxondaryoni faqat chegara hududi emas, xalqlarni bog‘laydigan do‘stlik ko‘prigi, savdo, logistika va madaniy muloqot markazi sifatida rivojlantiramiz.
Turizmda yiliga 1 milliard dollarlik xizmatlar bozorini shakllantirish, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Hindiston, Tailand va boshqa mamlakatlardan yuz minglab sayyohlarni jalb qilishni maqsad qilib olganmiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Biz erishilgan natijalar bilan cheklanib qolishga haqqimiz yo‘q.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan oldimizga qo‘yilgan hali katta vazifalar, yuksak marralar turibdi:
Biz kambag‘allik va ishsizlik minimal darajaga tushgan, har bir inson o‘z mehnati bilan munosib daromad topadigan, xomashyoni chuqur qayta ishlaydigan, eksportbop mahsuloti va kuchli tadbirkorlari bilan tanilgan Surxondaryoni qurmoqchimiz.
Biz Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish darvozasi, Markaziy Osiyoning muhim savdo va logistika markazlaridan biri bo‘lgan, har bir xonadon toza suv, sifatli yo‘l, barqaror energiya va zamonaviy xizmatlardan bahramand bo‘ladigan Surxondaryoni barpo etmoqchimiz.
Biz maktablari bilim va tarbiya maskaniga, shifoxonalari insonga umid beradigan dargohga, mahallalari ahillik va tashabbus markaziga aylangan, yoshlari yaxshi ta’lim olib, o‘z viloyatida munosib ish topadigan, iqtidorini ro‘yobga chiqaradigan, orzusi ushaladigan Surxondaryoni qurmoqchimiz.
Bu orzular qog‘ozdagi reja emas.
Bu – har birimizdan tashabbus, intizom, halollik va fidoyilik talab qiladigan umumxalq harakatidir.
Har bir rahbar odamlarni eshitsa, har bir tadbirkor yangi ish o‘rni yaratsa, har bir ustoz bolaga sidqidildan ta’lim bersa, har bir yosh bilim va kasb egallasa, har bir oila mahalla obodligiga hissa qo‘shsa – bu maqsadlarga albatta yetamiz.
Chunki Surxondaryoning eng katta boyligi — uning tabiiy zaxiralari emas, balki mard, oriyatli, mehnatkash va bunyodkor xalqidir.
Aziz va muhtaram vohadoshlar!
Biz 35-yillik tariximiz bilan faxrlanamiz.
Ammo eng buyuk yutuqlarimiz hali oldinda.
Chunki bugungi Surxondaryo – kechagi orzularimizning ro‘yobi bo‘lsa, ertangi Surxondaryo – bugungi mehnatimiz, birligimiz va jasoratimizning mevasi bo‘ladi.
Keling, bir tan-u bir jon bo‘lib, mana shu ishonchni oqlaylik!
Keling, tinchlik va ahilligimizni ko‘z qorachig‘idek asraylik!
Keling, har bir mahalla, har bir oila, har bir inson hayotida yangi taraqqiyot sahifasini ochaylik!
Shu ulug‘ ayyomda barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayz-u baraka, tinchlik va xotirjamlik tilayman.
Mustaqilligimizning 35-yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!
Yangi O‘zbekiston bilan birga yangi Surxondaryoni barpo etaylik!
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!
