Qatar kompaniyalari bilan zamonaviy issiqxona loyihalari muhokama qilindi
2026-08-28 20:00:00 / Yangiliklar

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qatarning “Horizon Doha” va “Plantation for Agricultural Consultancy” kompaniyalari bosh ijrochi direktori, doktor Rashid Al-Kuvari boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida Surxondaryo viloyatida zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish, suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish imkonini beruvchi gidroponika texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, issiqxona konstruksiyalari hamda texnologik uskunalarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, “Surxon-Agro” agroklasteri hududida xorijiy investitsiyalar va texnologik hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish hamda raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Qatarlik investorlar mahalliy sharoit va fermer xo‘jaliklari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda zamonaviy issiqxona yechimlarini joriy etish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida istiqbolli loyihalarni chuqur o‘rganish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida delegatsiya viloyatdagi yirik issiqxona majmualari faoliyati bilan tanishib, mahalliy tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

