Mustaqilligimizning 35 yilligiga tuhfa: Bandixonda 3 ming gektar maydonni oborotga kiritish imkonini beruvchi nasos stansiyasi ishga tushirildi
2026-08-22 11:00:00 / Yangiliklar

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Bandixon tumanida qishloq xo‘jaligi salohiyatini oshirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan yirik loyiha ishga tushirildi.
Tumanning “Limonzor” mahallasida umumiy qiymati 29,5 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Sherobod magistral kanalidan suv chiqarilib, 3 ming gektardan ortiq yaylov yerlarni qishloq xo‘jaligi oborotiga kiritish imkoniyati yaratildi.
Buning uchun 2 ta zamonaviy nasos agregati o‘rnatilib, 2,3 kilometr uzunlikdagi, diametri 1200 millimetr bo‘lgan bosimli quvur tortildi. Shuningdek, 6,8 kilometr yangi kanal va 5 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari barpo etildi. Soniyasiga 1,5 kub metr suv o‘tkazish quvvatiga ega sug‘orish tizimi ishga tushirildi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 1 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish va yiliga 3 million AQSH dollari miqdorida eksport yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha Bandixon tumanining qishloq xo‘jaligi salohiyatini kengaytirish, foydalanilmayotgan yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish va aholi uchun yangi daromad manbalarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.









