Yoshlar bilan muloqot: muammolar o‘rganilib, amaliy vazifalar belgilandi
2026-08-04 16:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyatida yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni qiynayotgan muammolarga manzilli yechim topish maqsadida o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi ishchi guruh Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lib, yoshlar hamda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
▪️ Termiz tumanining "Qahramon" mahallasida 153-sonli qaror asosida yer maydoni olgan va takroriy ekin ekish orqali daromad topishni maqsad qilgan 35 nafar yoshning faoliyati o‘rganildi.
▪️ Shuningdek, tajribali dehqon Boboyor Xolboyevning issiqxonachilik, ko‘chatchilik va gulchilik yo‘nalishlaridagi faoliyati bilan tanishildi. Uning tajribasini mahalladagi yoshlar o‘rtasida keng joriy etish, ularni ushbu yo‘nalishlarda o‘qitish hamda doimiy bandligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
▪️ Jarqo‘rg‘on tumanining "Madaniyat" mahallasida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fuqarolarning murojaat va takliflari tinglandi.
▪️ Termiz shahridagi San’at saroyida 200 nafardan ortiq yosh ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish, shuningdek, imtiyozli kreditlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.









