Rasmiy munosabat
2026-07-21 17:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-209-son Farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-402-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil qilingan.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining 2026 yil 6 iyuldagi 105-K-sonli buyrug‘i bilan Alimov Erkin Jo‘rayevich 3 oy sinov muddati bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.
Amaldagi tartibga muvofiq, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boshqarmalari rahbarlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash bo‘yicha ish beruvchi hamda tegishli qaror qabul qiluvchi organ O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hisoblanadi.
Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur lavozim bo‘yicha ish beruvchi hisoblanmaydi hamda nomzodni mustaqil ravishda tayinlash vakolatiga ega emas.
Belgilangan tartibga muvofiq, viloyat hokimligi tomonidan mazkur lavozim uchun muqobillik asosida ikki nafar nomzod O‘zbekiston Mahallalari uyushmasiga ko‘rib chiqish uchun tavsiya etilgan.
Nomzodlarni baholash, ularni o‘rganish, tanlash va yakuniy qaror qabul qilish esa O‘zbekiston Mahallalari uyushmasining mutloq vakolati doirasida amalga oshiriladi.
Surxondaryo viloyati hokimligida, sobiq Muzrabot tumani hokimi E.J.Alimovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jazo o‘tayotganligi va JKning 45-moddasi qo‘llanganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud emas.
Viloyat hokimligi tomonidan mazkur holat yuzasidan jamoatchilikni xolis axborot bilan ta’minlash maqsadida tegishli tushuntirish ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilinadi.
