Suv — baraka manbai: Sopka kanalida yirik rekonstruksiya boshlandi
2026-07-06 19:30:00 / Yangiliklar

Jarqo‘rg‘on tumanida 2026-yilga mo‘ljallangan "Drayver" dasturining III bosqichi doirasida Sopka kanalini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Loyiha suv ta’minotida uzoq yillardan buyon muammolar mavjud bo‘lgan hududlarni barqaror sug‘orish suvi bilan ta’minlashga qaratilgan.
Loyiha yakunlangach, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 390 gektar tomorqa yer maydoni, ya’ni 420 ta xonadon barqaror sug‘orish suvi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 800 gektar fermer xo‘jaliklari yerlarining suv ta’minoti yaxshilanib, 70 gektar yangi yer maydoni qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritiladi.
Mazkur loyiha suv resurslaridan samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish hamda aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.






