Yaponiyalik turoperatorlar Surxondaryoning sayyohlik salohiyati bilan tanishmoqda
2026-06-20 19:45:00 / Yangiliklar

Surxondaryoning boy tarixiy-madaniy merosi va turizm imkoniyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda Yaponiyaning yetakchi turoperatorlari vakillaridan iborat delegatsiya Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar viloyat hokimligi va Turizm boshqarmasi mas’ullari tomonidan kutib olinib, vohaning tarixiy-madaniy meros obyektlari hamda turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirilmoqda.
Delegatsiya a’zolari Al-Hakim at-Termiziy majmuasi, Fayoztepa va Qoratepa arxeologiya yodgorliklari, shuningdek, Zurmala stupasida bo‘lib, mazkur obidalarning tarixiy ahamiyati va sayyohlik salohiyati haqida ma’lumot oldilar.
Uch kunlik tashrif davomida yaponiyalik mutaxassislar Denov, Sariosiyo va Boysun tumanlaridagi diqqatga sazovor turistik maskanlar bilan ham tanishib, hududning o‘ziga xos imkoniyatlarini o‘rganadilar.






