Toshkent xalqaro investitsiya forumida Surxondaryo delegatsiyasi 16 ta xorijiy kompaniya bilan muzokaralar o‘tkazdi
2026-06-18 23:00:00 / Yangiliklar

- Kuni kecha Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjumanda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan qariyb 4 ming nafar xorijiy mehmon, xalqaro moliya institutlari, yirik banklar, kompaniyalar va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
- Jumladan, forumda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi Surxondaryo viloyati delegatsiyasi ham faol qatnashib, 16 ta xorijiy kompaniya hamda BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi doimiy vakili bilan muzokaralar o‘tkazdi.
- Xususan, BAAning “Asian Chemical Group”, Turkiyaning “Zelantex”, Saudiya Arabistonining “A2B Logistics” va “Salis Business Solutions”, Fransiyaning “Bernard Grinspan” va “Tomer Pinkusiewicz”, Hindistonning “Masaka suites”, Xitoyning “Daqing Deep Aureus International Energy Development Co., Ltd.”, “Shaanxi Zhen’an Shenghui Mining Co., Ltd.”, “WO DA SHI YE”, “Jinchuan Group”, “China Railway Construction Corporation Limited”, Tojikistonning “Niagara A”, Afg‘onistonning “Etimad Akhundzada Mines Extraction & Processing Company”, Koreya Respublikasining “Korea Solutions”, Iordaniyaning “Jordan Phosphate Mines Co. PLC” hamda Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat, logistika, tog‘-kon, energetika, ta’lim va xizmatlar sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
- Shuningdek, Surxondaryo viloyatining investitsiyaviy salohiyati, mavjud resurs bazasi, transport-logistika imkoniyatlari hamda eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
- Uchrashuvlar o‘zaro manfaatdorlik va konstruktiv muloqot ruhida o‘tib, xorijiy hamkorlar tomonidan Surxondaryo viloyatida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, amaldagi tashabbuslarni kengaytirish hamda uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qiziqish bildirildi.









