"Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi" — Termiz shahri voha yoshlarini festivalda jamladi
2026-06-13 10:00:00 / Yangiliklar

30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab "Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi" shiori ostida "Yoshlar tashabbuslari marafoni" hamda gala-konsert dasturlari yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Festivalning navbatdagi manzili Termiz shahri bo‘ldi.
Tadbir doirasida yoshlarning bilim va salohiyati, ijodiy iqtidori hamda tashabbuslarini namoyon etishga qaratilgan ko‘rgazmalar, interaktiv maydonlar, sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy loyihalar va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi.
Festivalning gala-konsert dasturi ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev ishtirok etib, voha yoshlarini bayram bilan samimiy tabrikladi.
Kun davomida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari g‘oliblari, turli sohalarda yuqori natijalarga erishgan faol yoshlar taqdirlandi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar, pul mukofotlari va maxsus vaucherlar topshirildi.
Gala-konsert dasturida poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar hamda iqtidorli yosh ijodkorlar ishtirok etib, o‘z chiqishlari bilan tadbirga yig‘ilgan vohamiz yoshlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
"Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi" shiori ostidagi "Yoshlar tashabbuslari marafoni" yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.









