Surxondaryo va Xatlon o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
2026-06-06 15:40:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 4–5-iyun kunlari Tojikiston Respublikasining Xatlon viloyati Mu’minobod tumanidagi “Childuxtaron” tarixiy-majmuasida “Xatlon — sivilizatsiyalar va sayohatlar diyori” xalqaro turizm forumi va ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli tadbirda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining turizm sohasi vakillari ham ishtirok etib, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirish, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish hamda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar yakunida Surxondaryo va Xatlon viloyatlari o‘rtasida sayyohlar almashinuvini kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, ikki hudud o‘rtasida har yili 150 ming nafargacha turistlar almashinuvini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, hududlarning turizm salohiyatini keng targ‘ib etish hamda xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.


