Afg‘onistonga O‘zbekiston xalqining insonparvarlik yordami yetkazildi
2026-05-25 15:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari bilan xalqimizning bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida "Qurbon hayiti" (Eid al-Adha) munosabati bilan va Afg‘onistonning sel-suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan aholisiga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida 200 tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi "Astras" kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, no‘xot, tez tayyorlanadigan taomlar o‘rin olgan.
Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi.





