💼 Yangi tayinlov
2026-05-21 22:45:00 / Yangiliklar

Jabborov Muxiddin Rustamovich – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Surxondaryo viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi direktori lavozimiga tayinlandi.
Shu paytgacha direktor lavozimida ishlab kelgan Bahriddin Mingboyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etildi.
Muxiddin Jabborov 1976-yilda Boysun tumanida tug‘ilgan. 1999-yilda Samarqand davlat universitetini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi - jurnalist, davlat boshqaruvi.
Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasida muharrir, katta muharrir, bosh muharrir, bo‘lim boshlig‘i, “Ishonch” jamoatchilik televideniyasi bosh muharriri, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi viloyat mintaqaviy bo‘limi inspektori, “Janub vaqti” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar, 2017-yildan buyon O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Surxondaryo viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
