TDMAU — O‘zbekiston OTMlari ichida birinchi bo‘lib xalqaro energetika alyansiga a’zo bo‘ldi
2026-05-05 22:25:00 / Yangiliklar

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori, professor R.To‘rayevning Xitoyga tashrifi doirasida muhim natija qayd etildi: TDMAU mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi bo‘lib “Xitoy — Markaziy Osiyo energetika innovatsion alyansi” a’zoligiga qabul qilindi.
Ushbu nufuzli a’zolik universitetga xalqaro ilmiy maqom berish bilan birga, Shimoliy Xitoy energetika universiteti (NCEPU) bilan hamkorlikda sun’iy intellekt va raqamli energetika bo‘yicha qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish imkonini beradi. Bundan tashqari, universitet professor-o‘qituvchilari Xitoyning yirik energetika obektlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Xalqaro aloqalarning amaliy natijasi o‘laroq, talabalar va bitiruvchilar uchun Xitoyning Shihezi universiteti tomonidan “Silk Road” hukumat granti e’lon qilindi. Endilikda yoshlarimiz muhandislik va IT yo‘nalishlarida Xitoyda to‘liq grant asosida (bepul o‘qish, yotoqxona va stipendiya) tahsil olishlari mumkin.

